11:05 / 15.09.2017
9885

«Yopiq aylanalar» yoxud top-klubga aylanishning mushkulligi haqida

Foto: Squawka

«Everton» endi Premer Ligada oddiy dekorativ klub emas. 80-yillardan buyon mamlakat chempioni bo‘la olmagan va so‘nggi o‘n yilda beshinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan klubning yozgi transferlar bozoridagi ishlari ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. 142.38 million funt ishlatildi – katta (KATTA) farq bilan klub rekordi, ligadagi to‘rtinchi  ko‘rsatkich. Faqat Manchester klublari va «Chelsi»da sal ko‘proq xolos.

Ro‘yxat ham yomon emas: Ta'riflashning hojati bo‘lmagan Ueyn Runi, «Ayaks» sardori Deyvi Klassen, iqtidorli darvozabon Jordan Pikford, o‘sha mashhur Islandiya terma jamoasi yetakchisi Gulfi Sigurdsson, terma jamoada o‘ynab ulgurgan markaziy himoyachi Maykl Kin. Erkin agent sifatida o‘tgan Runini hisobga olmaganda, eng arzon transfer 24.3 million funtni tashkil etdi. Bu transferlar bilan «Everton» go‘yoki o‘z maqsadini ma'lum qildi. «Barselona» maktabini ko‘rgan Sandro Ramiresni ham unutmaslik lozim.  

DASTLABKI QADAMLAR

«Everton»ni «Manchester Yunayted» darajasidagi top klubga aylantirish ibtidosi 2016 yilning mart oyiga to‘g‘ri keladi. Kelib chiqishi eronlik bo‘lgan ishbilarmon Farhod Moshiri klubning 49.9 foiz aksiyalarini sotib olib, asosiy aksioneriga aylanib oladi. Eski xo‘jayinlar Bill Kenrayt va Jon Vudzda umumiy 21.1 foiz qolgandi xolos.  

Bu kelishuv kutilgandi. Bill Kenrayt anchadan beri yuqori ambitsiyalarga ega bo‘lgan investorni kutib yurgandi. Kenrayt 1999 yilda klubning 68% aksiyasini atigi 20 millionga sotib olgan. 2016 yilga kelib esa, 13% aksiyasini sotgan Kenrayt 22.75 millionlik bo‘lib oldi. Ikkinchi katta aksioner amerikalik Robert Erl esa, qo‘lidagi hamma paketni (23%) 40.25 million funtga sotdi. Yana 13% ning puli esa, Jon Vudsga berildi. Jon Vuds oilasi 1892 yilda «Gudison Park»ning birinchi tribunasini qurish uchun 1000 funt qarz berishgan va shu orqali klub aksiyadoriga aylanishgan. Bu hisob-kitoblardan «Everton»ning narxi 175 million funtga baholanganini bilish mumkin. 

«Everton»ning sobiq xo‘jayinlarining boshqaruv uslubi o‘zini oqlamadi, deb aytish mumkin. Ular buni tushunib ham yetdilar. Avvaldan. «Everton»ni top klublardan biriga aylantirish rejasi uchun pul yetmagan. Natijada Liverpul klubi liganing eng barqaror o‘rtamiyonalaridan biriga aylanib qoldi. Jamoa bir necha bor Yevropa Ligasida va bir marta Chempionlar Ligasida saralash bosqichida o‘ynadi xolos. 

Ayni palladagi boshqa klublar xo‘jayinlari singari Kenrayt va uning sheriklari klubga pul sarflashmadi. Oqibatda, yulduzlarni jamoada ushlab qolishning iloji bo‘lmagan, qilinayotgan sarf-xarajatlar ambitsiyalarga mos kelmasdi. Kenrayt bunday munosabat xato ekanini anglagan zahotiyoq, klubga boyroq, ingliz futboliga begona bo‘lmagan, klubni rivojlantirishga tayyor bo‘lgan nomzod izlay boshladi.

Farhod Moshiri o‘z vaqtida «Arsenal» aksiyalariga ega bo‘lgan. «Everton»ni sotib olish varianti chiqqach, London klubidagi ulushini eski do‘sti Alisher Usmonovga sotdi. Angliyada, qoidalarga ko‘ra, bir klubning 10 foizdan ko‘proq aksiyasiga ega bo‘lgan shaxs boshqa klub aksiyalarini sotib ololmaydi.

 

BYuDJYeT VA DAROMADLAR

Maqsadlarga erishilmagan yillar uchun ham, baribir, «Everton» muxlislari Kenraytdan minnatdor bo‘lishlari lozim. «Everton» o‘z-o‘zini ta'minlab yashadi, omadli xaridlar amalga oshirdi, katta miqdorda qarzlarga kirmadi, ixtiyoridagi manbalardan oqilona foydalana bildi. Eng muhimi klub sistemasida va kadrlar tizimida barqarorlik hukm surdi.  

Moshiri oldida esa, yanayam mushkul, ammo shu bilan birga qiziqarli asvol turibdi – «Everton»ni qanday qilib yangi bosqichga ko‘tarish mumkin? Oddiy klub darajasidan elitaga ko‘tarila olgan so‘nggi klub – «Manchester Siti». Ammo aytish kerakki, «shaharliklar» shayx Mansur kelguncha, hozirgi «Everton»dan ko‘ra, anchagina «soddaroq» bo‘lganlar, lekin bugungi darajaga chiqish uchun ko‘p vaqt ketmadi.  

Boshqa tarafdan olib qaraganda esa, bunday yo‘l bilan hozir natijaga erishish oson emas. UYeFA joriy etgan moliyaviy Fair Play klublarga pul sarflashni cheklab turadi. «Everton» ishlatadigan pulini o‘zi ishlab topishga majbur. Shuningdek, Angliyadagi va Yevropadagi katta raqobatni ham unutmaslik kerak, ulushlar top-klublar o‘rtasida bo‘lib olingan.  

Klubning bugungi daromadlariga qarasak, «Everton» APLda kuchli o‘nlikka ham kira olmas ekan. Shunday bo‘lsa-da, qayd etish joiz, xuddi shu ko‘rsatkichlar klubga Deloitte Money League (jahon klublari reytingi) da 23-o‘rinni taqdim etmoqda. Ammo «Everton»ning 121.6 million daromadi Top-6 klublari bilan taqqoslaganda ancha kam. Misol uchun, «Manchester Yunayted»da 515 million funt, «Manchester Siti»da 392 million, «Arsenal»da 354 million va hokazo. Hatto «Vest Hem», «Lester», «Nyukasl», «Sauthempton» klublari ham «Everton»dan oldindan borishmoqda.   

 

TRANSFeRLAR VA YuLDUZLAR

Moshiri birdaniga hammasini o‘zgartirishga kirishmadi, ammo aytish mumkinki, moliyaviy tomondan sezilarli qadamlar tashlay boshladi. Avvaliga, futbolka sotish bo‘yicha homiylik shartnomasi oshdi, keyin esa, logotip uchun yiliga 5.3 million funt to‘laydigan Chang pivo kompaniyasiga javob berilib, o‘rniga 9.6 million funt bilan SportPesa bukmekerlik kontorasi keldi.

Ammo biz bilamizki, faqat bu yo‘nalishdagi harakatlar yetarli emas. Homiylarni jalb qilish, bozorda taniqli brendga ega bo‘lish uchun jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin sifati ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z-o‘zidan buning uchun mos murabbiylar va futbol yulduzlari to‘p surish kerak. Yulduz futbolchilar boshqa yulduzlar bilan birga to‘p surish va sovrinlar uchun kurashishni afzal biladilar. «Everton» o‘z yulduzlarini ushlab qolishi ilojsiz bo‘lib kelgan. Futbolchilar qimmat narxga sotilgan bo‘lsalar-da, bu pul yana transferlarga sarflangan va «Everton»ning barqaor o‘rtamiyona bo‘lib qolishiga yaragan xolos. Moshirining kelishi klubning transfer [arajatlarini sezilarli darajada oshirdi, bu haqida yuqorida ham yozdik, ammo baribir yulduz futbolchilar boshqa top jamoalarga o‘tib ketishda davom etishmoqda.

Mana, klub transferlar uchun rekord darajada pul sarflagan so‘nggi yozni olaylik: baribir o‘tgan yili 25 gol bilan APL to‘purarlaridan biri bo‘lgan Lukaku «Manchester Yunayted»ga o‘tib ketdi-ku? Albatta, u yerda Pogba bor, u yerda Mourino, Chempionlar Ligasi... «Everton» bularni Lukakuga taklif qila olmaydi. Futbolchi uchun to‘langan transfer summasi uning sotib olingan narxidan ikki barobar ko‘pligi ham, kelishuv natijasida Ueyn Runi tekinga olib kelingani ham yupatmaydi. Chunki baribir, klub ambitsiyasiga qattiq zarba berilmoqda.

 

YoPIQ AYLANA

Joriy mavsum «Everton» uchun ko‘p narsani aniqlab berishi mumkin. Moliyaviy tarafdan Chempionlar Ligasidagi ishtirok katta qadam bo‘lardi, ammo avval u yerga borish ham kerak. Ikki yo‘l bor – Premer Ligada to‘rtlikka kirish yoki Yevropa Ligasida g‘alaba qozonish. Qaysi biri osonroq ekanini aytish mushkul.

Natijada, yopiq aylana xosil bo‘ladi: yaxshiroq o‘ynash uchun kuchliroq futbolchilar kerak. Ularni sotib olish uchun pul kerak. Pulni esa, ishlab topish lozim. Pul topish uchun Chempionlar Ligasida qatnashish kerak. Bu turnirda qatnashish uchun yaxshiroq o‘ynash kerak.

«Everton» kabi yana o‘nlab Yevropadagi o‘rtamiyona jamoalar toplar guruhiga qo‘shila olmay kelayotganining mantig‘i ham shundadir. Peshqadamlar ichida daromadi «Everton»ga yaqinroq bo‘lgan «Tottenhem» ham 90 million funt oldinda bormoqda. Londonliklarning bu yil Chempionlar Ligasida qatnashayotganini, yangi stadion qurayotganini e'tiborga olsak, bu farq yana oshadi. «Everton» «Tottenhem»ga yetib olish uchun bir necha yil kuchli to‘rtlikka kirib yurishi kerak. Osonmi bu?

To‘g‘ri, futbolda hammasini pul hal qilmaydi. Pulsiz ham g‘alaba qozonish mumkin – «Lester» 2015/16 yilgi mavsumda buni isbotladi. Shunchaki, pulsiz muvaffaqiyatga erishish birmuncha qiyin, ayniqsa, barqaror tarzda yuqorida yurish yanayam. Ammo «Manchester» bo‘lishning boshqa yo‘li ham yo‘q.

 

Forbes materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top