21:50 / 15.09.2017
5410

Google Uber'ning raqibiga 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi

Foto: focus.ua

Google kompaniyasi Lyft taksi buyurtmasi servisiga 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi, ko‘p tahlilchilar uni Uber'ning raqibi deb hisoblashadi. Bu haqida Bloomberg o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi. 

Bugungi kunda Google va Lyft faol muzokaralar olib borishmoqda, ta'kidlanishicha, bu masala bilan shaxsan Alphabet rahbari va qidiruv tizimining hammuassislaridan biri Larri Peyj shug‘ullanmoqda.

Mutaxassislarning taxmin qilishlaricha, Lyft moliyalashtirish manbalariga ega bo‘lgan taqdirda o‘zining xalqaro ta'sirini kuchaytirmoqchi. Servis AQShda keng tarqalgan, biroq qolgan mamlakatlarda Uber'dan ancha orqada. 

TechCrunch nashriga ko‘ra, Lyft oxirgi marta yirik investitsiyalarni 2017 yilning aprelida jalb qilgan - o‘shanda kompaniya 600 million dollarni qo‘lga kiritgan.

Alphabet xoldingi Uber'ning asosiy raqibiga birinchi marta qiziqish bildirishi emas. 2017 yilning may oyida Waymo kompaniyasi (Alphabet'ning avtomobil bo‘limi) Lyft bilan haydovchisiz transportni ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi. 

Kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmadi, biroq mutaxassislar Waymo o‘z texnologiyalari evaziga Lyft'ning foydalanuvchilar bazasiga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Google'ning avtomobil bo‘limi o‘z taksi servisini noldan boshlashiga to‘g‘ri kelmaydi. 

Top