10:17 / 16.09.2017
5288

Biznes-ombudsman faoliyati uchun qo‘shimcha kafolatlar oldi

Foto: lexconsulenza.it

14.09.2017 yildagi O‘RQ–446-son Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining  223- va 239-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ushlab turish va qamoqqa olishga nisbatan immunitet taqdim etildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Vakil ushlanishi va ichki ishlar organlari yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organiga yetkazilishi mumkin emas. Ushbu taqiq jinoyatni sodir etish chog‘ida yoki uni sodir etganidan keyin darhol ushlangan holatlarga tatbiq etilmaydi.
 
Biznes-ombudsmanga nisbatan faqat Prezidentning shaxsiy roziligi bilan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi mumkin.
 
Ta'kidlab o‘tamiz, mazkur choralarni qo‘llanilishi uchun davlat rahbarining roziligi zarurati qonunda birinchi marotaba ko‘zda tutilmoqda. Shu kabi immunitetlardan foydalanadigan boshqa mansabdor shaxslar (deputatlar, sudyalar, ombudsman) bungacha tegishli vakillik yoki sud organlarining roziligi bilan qamoqqa va uy qamog‘iga olinar edi.

Top