07:05 / 16.09.2017
5994

London metrosidagi portlash uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi

Foto: YeRA

IShID terrorchilik guruhi London metrosining “Parsons Grin” stansiyasida sodir etilgan portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. 15 sentabr ertalab London metrosi poyezdining vagonida qo‘lbola portlovchi qurilma portlashi oqibatida 20 dan ko‘proq odam jarohat olgandi. Bu haqda jangarilarning Amaq axborot agentligiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Portlash soat 8:20da sodir bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, oq konteyner portlagan. Dastlab portlash oqibatida bir necha kishi yuzidan kuyish jarohati olgani ma'lum qilingan, biroq keyinroq jabrlanuvchilar soni 29 kishigacha ko‘paygan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘pchilik jabrlanuvchilar portlashdan keyingi chaqnoqdan kuyish jarohatlari olganlar.

Skotlend-Yard ma'lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma qo‘lbola bo‘lgan. Voqea sababli metroning “Erls-Kort” stansiyasidan “Uimbldon” stansiyasigacha bo‘lgan qismi butun kun davomida yopib qo‘yilgan.

Terakt sababli Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakatda xavfning falokatli darajasi kiritilishini e'lon qilgan. Voqea tufayli London transport politsiyasi metroni qo‘riqlash uchun qurollangan politsiyachilar yuborishga qaror qilgan.

Mavzuga oid
Top