19:00 / 16.09.2017
29264

Sudlanganlik holati va mehnat munosabatlari

Foto: TheJournal

Davlat rahbari Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida, kimningdir otasi yoki akasi, qarindoshlari sudlangan yoki qamalgan, degan vajlar bilan yaxshi-yaxshi kadrlar boshqaruvga yaqin yo‘latilmaganligini ta'kidlab, ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini topmay kelayotgan juda muhim, aniqroq aytganda, muammoli bir masalaga e'tibor qaratdi. 

Bizning nazarimizda, ushbu masalaning muhim jihatlaridan biri, avvalambor, oliy o‘quv yurtlarini tugallab, u yoki bu sohada, bu davlat hokimiyati va boshqaruvi bo‘ladimi, boshqa sohalar bo‘ladimi, qaysi sohada bo‘lsa ham ishlab, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shaman degan yosh avlodning ertangi hayoti, kelajagi bilan bevosita bog‘liqdir. Shuningdek, bu masala keyingi yillarda mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari bilan bog‘liq ekanligi sababli, shu haqdagi ayrim fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashib, sudlanganlik holatining huquqiy ahamiyati va boshqa ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tishni lozim deb topdik. 

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77-80-moddalarida sudlanganlikning huquqiy ahamiyati, olib tashlanishi, shuningdek, sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlarini hisoblash nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. 

Jinoyat kodeksida sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, deb belgilab qo‘yilgan. Demak, Jinoyat kodeksining yuqoridagi normasiga ko‘ra, shaxsning sudlanganlik muddati o‘tdimi yoki sudlanganligi olib tashlandimi, bu bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi. 

Xo‘sh, shunday ekan, shu vaqtga qadar qonunchiligimizda sudlanganlikning huquqiy holati va oqibatlari amaldagi qonun hujjatlari normalari bilan tartibga solinib, amaliyotda qo‘llanib kelinayotgan bo‘lsa-yu, bu sohada yana qanday muammolar bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘iladi. 

Shu o‘rinda, bundan bir necha yil avval bir tanishim bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayoniga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Suhbatdoshimning aytishicha, u bundan yigirma yillar avval savdo-sotiq qoidalarini buzganligi uchun sud tartibida belgilangan javobgarlikka tortilgan. Oradan bir necha yillar o‘tib, suhbatdoshimning oliy yuridik ma'lumotga ega o‘g‘li davlat idorasiga ishga kirish maqsadida hujjatlarni topshirganda, uni otasi sudlangan degan vaj bilan ishga qabul qilish rad etilgan. Shundan so‘ng, ushbu masalani qonuniy hal etilishini so‘rab sudga ariza bilan murojaat qilgan hamda sudning ajrimiga asosan uning sudlanganligi olib tashlangan. Ammo, shundan keyin ham uning o‘g‘lini, vaholanki, qo‘lida otasini sudlanmagan degan sudning ajrimi bo‘lishiga qaramasdan, IIB axborot markazidan olingan ma'lumot vaj qilinib, ishga qabul qilish rad etilgan. 

Darhaqiqat, bir shaxs bundan yigirma yil avval, aytaylik, sodir etgan huquqbuzarligi uchun jazoga tortilgan, shuningdek, qonun hujjatlarida sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘lishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-yu, shunga qaramasdan uning farzandini ishga qabul qilish rad etilsa? Yuqorida qayd etilgan bir tanishimning misolidagi ushbu masala amaliyotda ayrim savollarni keltirib chiqaradiki, ularga e'tiboringizni qaratishni zarur deb topdik.

Ular quyidagilardan iborat: 

birinchidan, aytaylik, bir shaxs bundan yigirma yil avval bilib-bilmay sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikka tortilgan, ammo, bugungi kunda sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan o‘sha shaxs sudning ajrimiga asosan sudlanmagan deb hisoblansa; 

ikkinchidan, huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin ma'lum bir vaqt o‘tishi bilan uning ijtimoiy xavflilik darajasi va barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘lgan bo‘lsa; 

uchinchidan, muqaddam javobgarlikka tortilgan shaxsning bugungi kunda sudlanmaganligi to‘g‘risida sudning ajrimi mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ish beruvchining so‘roviga ko‘ra axborot markazidan o‘sha shaxsning sudlanganligi haqida tegishli ma'lumotlarni so‘rab olinishi va shunga asosan uning farzandini ishga qabul qilish rad etilishi qanchalik asosli hisoblanadi? 

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga ko‘ra, sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. 

Shunday ekan, bunday holatda qaysi hujjat ko‘proq ustuvorlikka ega bo‘ladi: sudning ajrimimi yoki ish beruvchi tomonidan so‘rab olingan ma'lumotmi? 

Xulosa qilib aytganda, yuqorida qayd etilgan masalalar mazkur sohada mavjud bo‘lgan amaldagi qonunchilikni, ayrim idoraviy-huquqiy hujjatlarni, avvalambor, insonparvarlik prinsipi, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish, olib tashlash, muddatlari va asoslarini qisqartirish, uning mehnat munosabatlariga ta'siri nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masala hisoblanadi. 

T.TURSUNOV, 
huquqshunos

Top