11:00 / 17.09.2017
9272

Ayollar futboli. 4 viloyat jamoasi Sirdaryoda bellashdi

Gulistonda qizlar o‘rtasida “Yashil maydon malikalari” respublika futbol musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda sport, xususan, xotin-qizlar va bolalar sportini rivojlantirish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yoshlar, ayniqsa, qizlarning sog‘lom voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta'limi boshqarmasi, futbol federatsiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi hamda viloyat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan hududiy musobaqada Toshkent shahri va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.

– Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda sportning o‘rni benihoya katta, – deydi Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilfuza Uralova. – Xotin-qizlar sportini rivojlantirish xalqimiz kelajagi, yoshlarning sog‘lom bo‘lishida muhim ahamiyatga ega.

Barcha raqiblardan ustun kelgan Toshkent viloyati futbolchi qizlari birinchi o‘rinni egalladi va musobaqaning final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Sirdaryo va uchinchi o‘ringa Toshkent shahri viloyati  jamoalari sazovor bo‘ldi.

Zebo Haydarova

Top