17:05 / 18.09.2017
20079

Zidanning finti, Grizmanning qaytishi, Dembelening ketishi. La Liga 4-turida nimalar bo‘ldi?

Dam olish kunlari Ispaniya chempionatida 4-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini keltirib o‘tadi.

«Barselona»: 4 uchrashuvda 4 g‘alaba, keyingi 4 oy Dembelesiz

«Barselona» «Xetafe» maydoniga safar qildi va o‘zining anorrangli formasida ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Uchrashuv boshida maydon egalari to‘la ustunlik qilishdi, shunga mos ravishda birinchi bo‘lib gol urishdi: yaponiyalik yarim himoyachi Gaku Sibasaki kataloniyaliklar safida yubiley - yuzinchi o‘yinni o‘tkazgan Mark-Andre ter Shtegenni ranjitdi – «Xetafe» chiroyli gol bilan oldinga chiqib oldi.

Mehmonlarga murabbiyning to‘g‘ri qarorlari yordamga keldi: Ernesto Valverde o‘yinning ikkinchi bo‘limida ikki almashtirishni amalga oshirdi va bu natija keltirdi. Maydonda Denis Suares va Paulino paydo bo‘lishdi, aynan ular jamoa g‘alabasini ta'minlagan ikki golni urishdi. Natijada, «Barselona» chempionatda qatorasiga to‘rtinchi g‘alabani nishonlab, turnir jadvalida yakkapeshqadamga aylandi. Lekin bu o‘yinda dunyodagi eng qimmat futbolchi Usmon Dembele jiddiy jarohat oldi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, u 4 oy muddatga safdan chiqdi.

San-Sebastyanda «Qirollik uchrashuvi»

«Anoeta»ga safar oldidan madridliklar klubida muammolar paydo bo‘ldi – diskvalifikatsiya tufayli safdan chiqqan Ronaldu yoniga «qaymoqranglilar»ning ikkinchi asosiy hujumchisi Karim Benzema ham qo‘shildi. Ammo Zidan bu vaziyatdan chiqib keta oldi. Bu safar u maydon tashqarisida fint qildi, u ko‘pchilik uchun notanish Borxa Mayoralni maydonga tashladi. Madridliklar klubining 20 yoshli tarbiyalanuvchisi murabbiyning ishonchini ortig‘i bilan oqladi – u birinchi zarbasiniyoq golga aylantirdi va keyin o‘yin davomida ham basklar mag‘lub etilishi uchun barcha ishni amalga oshirdi, hisob 1:1 bo‘lib turgan vaqtda u bergan zarbani mezbonlar futbolchisi o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.

Kevin Rodriges – «Real Sosedad»ning yosh himoyachisi – u bu o‘yinda jamoasining asosiy futbolchisiga aylandi: avvaliga madridliklar darvozasini, keyin o‘z darvozasini ishg‘ol qildi, oxirida esa Garet Beyl bilan chopishib ko‘rdi, lekin unga uchinchi golni urishga xalal bera olmadi. Beyl «Anoete»da o‘zining oltinchi golini urdi. U «Real Sosedad»ga bu jamoa maydonida eng ko‘p gol urgan futbolchi. «Real» esa golli o‘yinlari seriyasini davom ettirdi, jamoa endi «Santos» tomonidan uzoq o‘tmishda qayd etilgan rekordni takrorladi (73 o‘yin), shuningdek, Madrid klubi qatorasiga 11ta safar uchrashuvida gol urib, yangi rekord o‘rnatdi.

«Atletiko» yangi stadionda

Ispaniya poytaxti janubi-sharqidagi klub «yangi libos kiydi». «Atletiko» yangi qurilgan «Vanda Metropolitano» stadionida ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Taqdimot ajoyib chiqdi: Ispaniyadagi eng yirik klub bayrog‘i (338 m) tayyorlandi, osmondan maydonga parashyutchi tushdi, Ispaniya qiroli Felipe VI va yana 63 ming kishi «hindular» madhiyasini birgalikda ijro etdi. Ammo eng asosiysi «Atletiko» yangi stadionda ilk o‘yinda g‘alaba qozona olmaslik bilan bog‘liq noxush an'anasiga chek qo‘ydi. Klub 1929 yili «Metropolitano»da «Real Sosedad»ga yutqazgan (0:3), 1966 yili «Visente Kalderon»da «Valensiya» bilan durang o‘ynalgan (1:1), uchinchi urinishda «Malaga» mag‘lub etildi (1:0).

Hozircha «Vanda Metropolitano»da urilgan yagona gol muallifi Antuan Grizmann, u ikki o‘yinlik diskvalifikatsiyasini o‘tab, yangi stadion ochilishiga qaytdi. Madridliklarning yangi «matrasi» mehmonlarni avvalgidek qabul qilmoqda, yengil qo‘nish, ammo uxlash qiyin...

Beritstso – «Sevilya» tarixidagi eng omadli debyutant murabbiy

Andalusiyaliklar jamoasi qatorasiga uchinchi uchrashuvda g‘alabaga erishdi, safarda «Jirona» mag‘lub etildi (0:1), o‘yindagi yagona gol «Sevilya»ning kolumbiyalik yangi hujumchisi Luis Muriel hisobiga yozildi. Mezbonlar hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo o‘yin oxirida Aleks Granel penaltini golga aylantira olmadi. «Real Sosedad»ning mag‘lubiyatidan keyin janubliklar jamoasi turnir jadvalida 10 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Eduardo Beritstso «Sevilya» tarixidagi eng omadli debyutant murabbiyga aylandi.

«Deportivo»ning omadsizligi davom etdi, mavsumdagi ilk iste'fo ro‘y berdi

Pepe Mel «Deportivo»ga jamoani avvalgi darajasiga qaytarish uchun olib kelingandi, ammo la-korunyaliklar klubida ishlar ko‘ngildagidek emas, «Depor»da 4 turdan keyin yagona durang va uch mag‘lubiyat. Shanba kuni galisiyaliklar Sevilyada Melning avvalgi jamoasi «Betis» bilan o‘ynadi. «Betis»ning keksalik bilmas futbolchisi Xoakin Sanches «Deportivo» darvozasiga ikki gol yo‘lladi. Primeradagi o‘yinlar davomida 80 marta golli uzatma muallifi bo‘lgan bu futbolchi «Deportivo» bilan o‘yindagi keyingi 12 yildagi ilk dublni qayd etdi – oxirgi marta Xoakin 2005 yil aprelida «Barselona» darvozasiga ikki gol urgandi.

Galisiya – dengizchilar o‘lkasi, bu yerda sayozlikka o‘tirib qolib bo‘lmaydi. «Kim birinchi bo‘shaydi?» savoli uzoq vaqt ochiq qolmadi. Luis Subeldiya – endi «Alaves» murabbiyi emas. Xuddi Angliyada Frank de Bur bilan bo‘lgani kabi. Niderlandiyalik mutaxassis ham «Kristal Pelas» boshqaruvida 4 o‘yindan keyin ishdan haydaldi. Ikki jamoa ham mavsumdagi 4 turda 4 mag‘lubiyat qayd etib, bitta ham gol ura olmadi.

«Alaves»ni vaqtinchalik murabbiy sifatida Xaver Kabayo boshqaradi, u Subeldyaga yordamchilik qilib kelayotgandi.

Omad oroli va «quruq» seriya yakuni
 
Chempionat startidagi ikki o‘yinni boy bergan «Las-Palmas» o‘ziga kela boshladi. Safarda «Malaga» bilan o‘yindan g‘alaba bilan qaytgan jamoa to‘rtinchi turda «Atletik»ni mag‘lubiyatga uchrata oldi. «Orolliklar»ning yagona goli 87-daqiqada «Chelsi»dan ijaraga olingan Loik Remi tomonidan urildi. Ushbu fransuz hozircha 100 foizlik samaradorlik ko‘rsatmoqda – darvozaga ikki zarba va ikki gol: Malagada ham u hakam hushtagi chalinishi arafasida gol urgandi. «Atletik» bu o‘yinda mag‘lub bo‘lish bilan birga «quruq» seriyasini to‘xtatdi, jamoa rekordni yangiladi 357 daqiqa (avvalgi rekord – 290 daqiqa).

«Eybar» - «Leganes» - 1:0 (0:0). Gol: Galves, 53.
«Levante» - «Valensiya» - 1:1 (1:1). Gollar: Rodrigo, 31 (0:1). Bardi, 41 (1:1).
«Xetafe» - «Barselona» - 1:2 (1:0). Gollar: Sibasaki, 39 (1:0). D..Suares, 62 (1:1). Paulinyu, 84 (1:2).
«Betis» - «Deportivo» - 2:1 (1:1). Gollar: Xoakin, 14 (1:0). Kartabiya, 23 (1:1). Xoakin, 76 (2:1).
«Atletiko» - «Malaga» - 1:0 (0:0). Gol: Grizmann, 61.
«Alaves» - «Vilyarreal» - 0:3 (0:1). Gollar: Bakambu, 32 (0:1). Bakka, 52 (0:2). Bakambu, 62 (0:3).
«Jirona» - «Sevilya» - 0:1 (0:0). Gol: Muriel, 69.
«Las-Palmas» - «Atletik» - 1:0 (0:0). Gol: Remi, 87.
«Real Sosedad» - «Real» - 1:3 (1:2). Gollar: Mayoral, 19 (0:1). Rodriges, 28 (1:1). Rodriges, 36 - avtogol (1:2). Beyl, 61 (1:3).
«Espanol» - «Selta» uchrashuvi bugun bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top