13:42 / 19.09.2017
27745

Paxtani pullashga uringan fermer qo‘lga olindi

Foto: KUN.UZ

«Paxta 2017» yig‘im-terim mavsumi davomida paxta hosilini talon-taroj qilinishi, dalalarda hosilning payhon qilinishi, qolaversa, o‘g‘irlanishi, nest-nobud qilinishini oldini olish maqsadida Buxoro viloyatining barcha tumanlarida ichki ishlar idoralari xodimlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqdalar. 

2017 yil 8 sentabr kuni Shofirkon tumanda paxta xom ashyosining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash borasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Shofirkon tumani “Yangiqishloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Maqsuda Axmadovna” fermer xo‘jaligida ish yurituvchi lavozimida ishlovchi, 1975 yilda tug‘ilgan S.M.N. “Maqsuda Axmadovna” fermer xo‘jaligiga tegishli paxta dalasidan 540 kg paxta xom ashyosini terib, G‘ijduvon tumani “Sarmijon” mahalla fuqarolar yig‘ini “Labiro‘d” qishlog‘ida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro H.H.S. bilan har bir kg paxta xomashyosini 3000 so‘mga kelishib, unga jami 540 kg paxta xomashyosini 1.500.000 so‘mga baholab sotayotganligi aniqlanib, ushbu paxta xom ashyosi va pullar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. 

Paxta xom ashyosi Shofirkon paxta tozalash zavodiga topshirilib, ushbu fermerga nisbatan qonunlarda belgilangan jazoning muqarrarligi ta'minlandi.

Yana bir holat. Peshku tumani Varaxsha cho‘l hududidagi “Hakimboy obod” fermer xo‘jaligi rahbari, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro H.Q.N. o‘zining fermer xo‘jaligi paxta dalasidan 380 kg paxtani yashirin ravishda terib, G‘ijduvon tumanida yashovchi F. ismli tanishiga har bir kilogramini 1800 so‘mdan sotayotganligi aniqlanib, unga nisbatan qonunlarda ko‘rsatilgan tegishli jazoning muqarrarligi ta'minlandi. Hujjatlashtirib olingan paxta xomashyosi “Peshku paxta tozalash” AJga topshirildi.  

Buxoroda avgust oyi davomida fuqarolar tomonidan paxta hosilini payhon qilish holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 81 ta huquqbuzarlik aniqlangan. 
 
Huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 104-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlarga taqdim qilingan. 

Top