19:43 / 19.09.2017
25995

Zamondosh. Ijtimoy tarmoq «yulduzi» bilan suhbat

Dima Qayum - bu ismni internet sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchratamiz. Hayotiy haqiqatlar, jamiyat muammolarini ikki satrga joylab, odamlarga kulgu ulashadigan, chekka bir qishloqning oddiy hayot tarzini namoyon etuvchi bu inson asli Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidan. KUN.UZ “pechkachi Dima” nomi bilan tanilgan tadbirkorni qidirib Rishtonda bo‘ldi. Samimiy suhbat asnosida Rishton dehqon bozorini aylandik.  

Uning aytishicha, shu bozordagi katta tadbirkorga yoshlikdan shogird tushgan. “Uning mehnatini qildik, rozi qilib, o‘zimiz alohida tadbirkorlikni boshlaganmiz. Qish kunlarida pechka, truba, yozda esa bankalar sotamiz. Pechkalarimizni ustalarimiz bor, o‘shalar yasaydi. Andijon, Asaka, Shahrixon, Qo‘qondan bo‘lgan ustalar bor, o‘shalar chiroyli qilib yasab berishadi. Xalqning xizmatini qilib yuribmiz”, - deydi tadbirkor Dilshod Boltaboyev (Dima Qayum).

Dima Qayum Feysbukdagi mashhur postlari haqida gapirar ekan, ularning bari xalqdan olinganini aytib o‘tdi.

“O‘zimiz xalqning orasidamiz. Bor hayotiy narsalarni kulgili qilib chiqarib beramiz. Aslida, u narsalarni kulgili, deb ham bo‘lmaydi. Biroq bu ham bir yo‘nalish-da. Kelajakda rejalarim ko‘p. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Rejalarimiz ulkan. Falsafiy mavzularga kelsak, rahmatli Hojiboy Tojiboyev: “Xalqdan olib, xalqqa beramiz” deganidek, men ham shu xalqdan olib, xalqqa beraman. Barchasining ijodkori men emas, balki xalqdir. Hayotimdan nolimayman. Xudoga shukr yaxshi, tinch yashamoqdamiz. Maishiy kamchilik – u kamchilik emas. Mehnat qilinsa, hamma narsaga yetishsa bo‘ladi”, - deydi u.

U ertalab soat 5:30lardan 19:00-19:30, ba'zida esa 21:00ga qadar ishlaydi. “Vodiy xalqi azaldan mehmondo‘st. Toshkentdan keladigan mehmonlarni kutib olish haqida gapiradigan bo‘lsak, bilasizmi, Rishton bozorimizda narx-navo juda arzon. Kelgan hammani qo‘ldan kelgancha mehmon qilib jo‘natamiz. Mehmon bo‘lib boraman, desa, yo‘q kelma, demaysiz-ku. O‘zlari shunday taklif bilan chiqishadi”, - deydi u. 

Rishtonning mehmondo‘st va samimiy odamlari ko‘nglimizda iliq taassurot qoldirdi. Dima Qayum bilan bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdik. 

“Ijtimoiy tarmoqda post qoldirish – bu qo‘ldan kelgancha hazil-huzul qilib, insonlarning kayfiyatini ko‘tarishning bir yo‘li. Bu hali san'at darajasiga chiqqani yo‘q-ku, lekin Feysbukka boshida ishqibozchilik bilan kirildi, hazil-huzul qilindi, do‘stlar orttirildi. Asosiysi, kayfiyatni ko‘tarishga harakat qilaman. “Rahmat” deyishadi, shuni ko‘rib yana yozaman. 24 yildan beri bozordaman. Bozorda kuzatganlarimni yozaman. O‘zgarishlar juda ko‘p”, - deydi Feysbukda mashhur bo‘lib ketgan Dima Qayum.

Chekka bir qishloqning samimiy odami. Oddiy odamlarning dardi bilan yashovchi sodda yigit. Suhbatdan olgan xulosamiz turlicha. Shu bois, xulosani o‘zingizga qoldiramiz.

Top