12:43 / 20.09.2017
23063

Tamagir rahbar 9 yilga qamaldi

Foto: KUN.UZ

Ohangaronlik Ilyos Komilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2009 yilning avgust oyidan buyon “Toshkent elektr tarmoqlari” OAJga qarashli “Ohangaron elektr tarmoqlari” korxonasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelardi. Bu shaxs faoliyatining o‘tgan davrida to‘g‘ri, halol ishlab, jamoaning ishonchini qozongan, o‘ziga yarasha obro‘-e'tibor topgandi. Biroq, u mana shu xislatini saqlay olmadi. Nafsining yo‘rig‘iga yurib, firibgarlik hamda pora olish jinoyatlarini sodir etdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

2015 yilning dekabr oyida qo‘lida ishlaydigan bir necha xodimlarni yiqqan rahbar, korxonada nazoratchi-montyor lavozimida ishlovchi O‘ktam Boymurodovga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv jarayoni ketayotganligini aytadi. Korxona xodimlariga o‘zini kuyunchak qilib ko‘rsata olgan I.Komilov zudlik bilan pul yig‘ib, hamkasblari O‘.Boymurodov uchun advokat yollash kerakligini ta'kidlaydi. Shu tariqa korxona boshlig‘i 1400 AQSh dollari yig‘ib oladi va pullarni o‘z manfaati yo‘lida sarflab yuboradi.

Ko‘p o‘tmay I.Komilov O‘.Boymurodovni huzuriga chaqiradi. Tuman prokuraturasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani, shu tufayli uni ishdan bo‘shatishini aytadi. Shu bilan birga, korxona tomonidan kredit mablag‘i to‘lanib, O‘.Boymurodov nomiga olib berilgan tuman hududidagi namunali uyni ham olib qo‘yish bilan qo‘rqitadi. Bu gaplardan so‘ng esa ovozini biroz pasaytirib, agar ming AQSh dollari bersa, hammasi joy-joyida qolishini qistirib o‘tadi.

O‘zi tuzgan rejaga ko‘ra, I.Komilov tamagirlik qilib, aldov yo‘li bilan mablag‘ orttirib, “cho‘ntagini qappaytirishga” urindi. Biroq, “buzoqning yugurgani somonxonagacha” deganlaridek, jinoyat o‘z vaqtida aniqlanib, I.Komilov qo‘lga olindi. Surishtiruv jarayonida u aybiga to‘liq iqror bo‘ldi.

Sud tomonidan I.Komilovga to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Top