11:04 / 20.09.2017
5256

YUNISEF vakillari Bosh prokuratura bilan birgalikda “Mehribonlik uylari” va Bolalar shaharchasiga bordi

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi/Sasha Graumann

Bola parvarishlash tizimini isloh qilish sohasida O‘zbekiston Hukumati bilan hamkorlik olib borish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish uchun 2017 yil 14-18 sentabr kunlari YUNISEF tashkiloti vakillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda O‘zbekistondagi institutsional bolalarni parvarishlash muassasalariga, shu jumladan Bolalar uylari, “Mehribonlik uylari” va Bolalar shaharchasiga tashrif buyurdi.

Qayd etilishicha, YUNISEF O‘zbekiston Hukumati va institutsional bolalarni parvarishlash muassasalari xodimlari tomonidan ota-onalarining homiyligisiz qolgan bolalarni sog‘-salomat ulg‘ayishlari va rivojlanishlari uchun maqbul sharoitlar bilan ta'minlash yo‘lida qilinayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholaydi va qadrlaydi.

Shu bilan birga, YUNISEF Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 12 avgustdagi 263-sonli Qarorida har bir bola uchun oilaviy muhitni yaratish naqadar muhimligi, BMTning bola huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyasiga muvofiq bolalarni institutsional bolalarni parvarishlash muassasalariga joylashtirish eng oxirgi chora ekanligi ko‘rsatib o‘tilganligini ma'qullaydi.

“Bolaning optimal rivojlanishi unga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxsga xavfsiz bog‘lanib qolishiga butkul bog‘liqdir, bunga esa faqat oila sharoitida erishish mumkin, - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi Rahbari Sasha Graumann. - Oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xizmatlar doiralarini kengaytirish va shu jumladan nogiron bolalar uchun ham kunduzi kelib turish xizmatlarini rivojlantirish hamda bolalarni noinstitutsionallashtirishni yanada davom ettirish bolaning oilaviy sharoitlarga ega bo‘lish huquqini amalga oshirishga xizmat qiladi”.

YUNISEF tashkiloti BMT inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasining tavsiyalari hamda Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 12 avgustdagi 263-sonli Qarorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga muvofiq, bolalarni parvarishlash tizimida islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Hukumatiga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Top