16:40 / 20.09.2017
4169

Venesuela bolivari bir yarim oyda ikki barobarga arzonlashdi

Foto: CNN

Venesueladagi siyosiy beqarorlik, valyuta yetishmovchiligi va AQShning yangi sanksiyalaridan keyin bolivar kursi yanada tezroq qadrsizlana boshladi. Mahalliy Dolartoday sayti ma'lumotlariga ko‘ra, hozir bolivarning qora bozordagi kursi yangi tarixiy minimumga yetgan - 1 dollarga 24,4 ming bolivar beriladi, rasmiy kurs esa 1 dollarga 11,3 ming bolivar hisoblanadi. 

Bolivar bir yilda 6,4 marta devalvatsiya qilindi, prezident Maduroning to‘rt yillik boshqaruvi ostida esa - 4 ming martadan ko‘p. 

Avgust oyida AQSh Venesuelaga yangi sanksiyalar kiritdi, bunga Maduroning ommaviy norozilik namoyishlarini bosdi-bosdi qilish uchun armiyani ishga solgani sabab bo‘ldi. Endi Amerika kompaniyalarining Venesuelada chiqarilgan qimmatbaho qog‘ozlar va yangi veksellarni sotib olishi hamda PDVSA davlat neft kompaniyasi bilan shartnoma tuzishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, Venesuela davlat sektori egalik qiluvchi qator qarz majburiyatlari bilan bitimlar, shuningdek Venesuela hukumati tomonidan dividendlar olish taqiqlanadi. Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, yirik Yevropa banklari ham mazkur taqiqlovlarga unsiz rioya qilishmoqda. 

Venesuela sanksiyalar va investitsiyalar yetishmovchiligi tufayli neft sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlay olmaydi. Avgustda neft eksporti chorakka - kuniga 1,27 million barrelgacha tushib ketdi.

Shu tariqa, mamlakat valyuta daromadlarining bir qismidan mahrum bo‘ldi, u shuning hisobiga oziq-ovqat mahsulotlarini import qilar edi. 

Venesuela Markaziy bankining tashqi qarzlar uchun xizmat qiluvchi, 120 milliard dollarlik zaxiralari sentabr oyida yangi minimumgacha pasaydi - 9,3 milliard dollar.

CNNMoney tahlilchisi Soiban Mordenning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela defolti muqarrar.

Kredit-defolt svoplar bozori Venesuela defolti ehtimolini yaqin 12 oyda - 62 foizga, besh yilda esa - 95 foizga baholamoqda.

Mavzuga oid
Top