17:45 / 21.09.2017
81862

Paxta-2017: Jizzaxda daladan qaytayotgan ayolni avtobus urib ketdi

Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tuman, Uchtepa dahasidagi 32-maktabda Yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lib ishlagan 39 yoshli Gulzoda Tojiboyeva paxtadan qaytaëtganida avtobus urib ketishi natijasida halok bo‘ldi.

KUN.UZ manbasi ma'lumot berishicha, fojia 16 sentabr kuni ro‘y bergan. Marhuma Paxtakor-Jizzax yo‘lida Isuzu rusumli avtobus ostida qolgan, u voqea joyida vafot etgan.

Ayni vaqtda Sharof Rashidov tuman IIB ushbu hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

Gulzoda Tojiboyeva 17 sentabr kuni dafn qilingan.

Tojiboyevani yaqindan tanigan 32-maktab o‘qituvchilaridan biri ushbu hodisa kechqurun soat 20:00dan keyin ro‘y bergani, terimchilar shu kuni paxta dalasidan juda kech qaytishgani haqida aytib bergan.

Bu fojia haqida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi rasmiy munosabat bildirmadi.

KUN.UZ bu masalada izoh so‘rab, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markazi Kengashida ishlovchi (ism-familiyasi KUN.UZga ma'lum) xodim bilan bog‘langanida, u G.Tojiboyeva maktabda Yoshlar ittifoqi yetakchisi vazifasida biroz muddat ishlagani, lekin ma'lumoti oliy bo‘lmagani tufayli sentabr oyidan bu vazifaga 1991 yilda tug‘ilgan boshqa yigit, Orziqul Egamberdiyev ishga qabul qilingani, shundan so‘ng fojia ro‘y bergan vaqtgacha G.Tojiboyeva Yoshlar ittifoqiga aloqador bo‘lmaganini aytdi. O‘zYoI MK xodimi G.Tojiboyevaning o‘rniga tayinlangan yetakchi bilan gaplashganini bildirdi, shuningdek, G.Tojiboyeva shanba kuni o‘z ixtiyori bilan, pul ishlash maqsadida paxtaga chiqqani ta'kidlab o‘tildi.

Masalaga oydinlik kiritish uchun viloyatdagi manbalarimizga qo‘ng‘iroq qilganimizda, ular G.Tojiboyeva oliy ma'lumotli (!) bo‘lgani va fojia ro‘y bergan kungacha maktabda Yoshlar ittifoqi tashkiloti yetakchisi lavozimida ishlaganini tasdiqladi. Faqat yoshlar ittifoqi yetakchilari paxta mavsumida uyushmagan yoshlar bilan ishlash otryadlariga biriktirilgani bois, shanba kuni G.Tojiboyeva maktabning texnik xodimlari tarkibida emas, o‘z xohish-ixtiyori bilan pul ishlash maqsadida paxta dalasiga chiqqanini ta'kidlashdi.

Lekin ko‘p vaqt o‘tmasdan, XTB o‘zini inkor qila boshladi. Jizzax viloyat, Sh.Rashidov tuman XTB mudiri D.Nosirov shu voqea bo‘yicha tarqalgan xabarlar bo‘yicha ma'lumotnoma bergan.

Endi Gulzoda Tojiboyeva paxta terimi boshlanishi arafasida lavozimdan bo‘shagani, 2 sentabr kuni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shartlariga o‘zgartirishlar kiritilgani, ish yurituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatishni boshlagani, 7 sentabr kunidan tuman mudofaa bo‘limiga 1 oy muddatga xizmat safariga yuborilgani aytildi. Shuningdek, Tojiboyeva 16 sentabr kuni o‘z ish joyiga chiqmagani, u paxtaga o‘z xohishi bilan mahalla faollariga qo‘shilib chiqqaniga urg‘u qaratilgan.

Ma'lumotnomada xalq ta'limi tizimi xodimlari paxta terimi va boshqa majburiy mehnatlarga jalb etilmasligi ta'kidlanadi.

«Bugungi kunga qadar, pedagogik jamoa, maktab o‘quvchilari, ota-onalari va boshqa mahalliy faollar tomonidan xalq ta'limi xodimlarining paxtaga chiqarilgani yoki bolalar majburiy mehnatga jalb etilayotgani to‘g‘risida hech qanday murojaatlar kelib tushmagan», deya davom etadi ma'lumotnomaning davomi.

Ko‘rinib turibdiki, Yoshlar ittifoqi tashkilot a'zosi bo‘lgan xodimani «balodan hazar» degandek, o‘zlaridan chetlashtirishga harakat qilishdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar Ittifoqi yetakchilarini majburiy mehnatga jalb etilmaslikka ko‘rsatma bergandi. Ko‘p ehtimolki, shu tufayli endi tashkilot Tojiboyevadan tonmoqda.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyevning «Feysbuk»dagi shaxsiy sahifasida ma'lum qilinishicha, 18 sentabr kuni u Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, paxta dalalarida mehnat qilayotgan «Fidoiy yoshlar» otryadi a'zolari bilan suhbatlashgan hamda o‘z sovg‘alarini topshirgan.

Gulzoda Tojiboyeva bu yilgi paxta mavsumining OAVga ma'lum bo‘lgan ikkinchi qurboni bo‘ldi. Bundan avvalroq 16 sentabr kuni Andijonda maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan er dalada jon bergani haqida ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top