22:20 / 21.09.2017
36564

Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi

18-20 sentabr kunlarida AQSh safarida bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Prezident mingan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 20:00da poytaxtdagi xalqaro aeroportga qo‘ngan. 

Ushbu tashrif har jihatdan samarali o‘tdi deyish mumkin. Prezident BMT Bosh kotibi, Bolgariya prezidenti, Gruziya Bosh vaziri, Jahon Banki prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, Xalqaro Valyuta fondi boshqaruvchi direktori bilan suhbatlashib, O‘zbek-AQSh biznes forumida ishtirok etdi. Shuningdek, prezident Nyu-Yorkda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda Nyu-Yorkda tashkil etilgan O‘zbekiston — AQSh biznes forumida AQShning 100dan ortiq kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. General Electric, Honeywell, ExxonMobil, CNH Industrial, John Deere, Coca-Cola, Boeing, Caterpillar, City Group, Visa, AGCO, Gilead Sciences kabi yirik korporatsiyalar shular jumlasidan.

Forum sho‘'balaridagi muzokaralarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish hamda sanoat, infratuzilma, turizm, fan va ta'lim sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.

Amerikalik ishtirokchilar O‘zbekistonda valyutani tartibga solish tizimiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, bank-moliya tizimini mustahkamlash, biznesning soliq yukini qisqartirish, investorlar uchun, jumladan, respublikada tashkil etilgan yangi erkin iqtisodiy zonalar doirasida qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadilar.

Tadbir yakunida AQSh kompaniyalari bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo‘lgan yirik hujjatlar to‘plami imzolandi.

Jumladan, General Electric va Honeywell korporatsiyalari bilan neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, CNH Industrial, John Deere va Caterpillar kompaniyalari bilan mashinasozlik sohasida, OSI Systems va Lutron kompaniyalari bilan elektrotexnika sohasida, Boeing kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Vebster universiteti filialini ochish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bu AQSh oliy o‘quv yurtining MDH mamlakatlaridagi birinchi to‘laqonli filiali bo‘ladi.

Top