14:20 / 22.09.2017
8575

Google qanday tuhfa tayyorlamoqda?

Foto: Droid-life

Google taqdimotiga yarim oy qolganda kompaniyaning yangi qurilmalariga oid ma'lumotlar tarqaldi. Ta'kidlash jiozki, kompaniyaning yangi mahsulotlari namoyishi 4 oktabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bundan avval insayderlar korporatsiyaning Pixel 2 XL va Pixel 2 smartfonlari, Pixelbook xrombuki, Daydream View ikkinchi avlod virtual reallik qurilmasi va aqlli Google Home kolonkalarining ixcham variantini taqdim qilishi taxmin qilishgan edi.

Foto: Droid-life

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Google Pixel 2 o‘tgan yilgisiga nisbatan minimum o‘zgarishlarga ega bo‘ladi, deyiladi Droid-life'da. Ishlab chiqaruvchi kamerani yaxshilagan va apparat tarkibini yangilagan. Suyuqliklar va stereodinamikadan himoya paydo bo‘ldi. Guglfonning yangi modeli uch xil rangli korpusda namoyon bo‘ladi: oq, qora, havorang. Hozircha gadjyet suratlarda orqa tomondan ko‘rsatilgan. Ma'lum qilinishicha, 64 Gb xotira bilan ta'minlangan Pixel 2 649 dollarga sotiladi. Ikki karra ko‘proq xotirali variant uchun 749 dollar talab qilinadi.

Foto: Droid-life

Google Pixel 2 XL ancha tuhfalarni taqdim etadi. Aytishlaricha, u jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining flagman smartfonlari kabi hoshiyasiz displeyga ega. Tomonlari 18X9. Suratlarda smartfon faqat oq va qora ranglarda aks ettirilgan. 64 Gb'li Google Pixel 2 XL xaridorlarga 849 dollarga tushadi. Ikki karra ko‘proq ichki xotiraga ega muqobili esa 949 dollarga baholangan.

Foto: Droid-life

Kompaniya Pixel seriyali xrombuklarni boshqa sotmayapti. Ko‘pchilik "qidiruv giganti endi umuman kompyuter ishlab chiqarmasa kerak", deya taxmin qilgandi, biroq yangi Google Pixelbook taqdimotga tayyor ekani ma'lum. Operatsion tizim, tabiiyki, Chrome OS. Suratda ko‘rinib turgan yagona o‘yma — USB Type-C.

Foto: Droid-life

Ishlab chiqaruvchi yangi noutbuk bilan 99 dollarga baholangan Pixelbook Pen'ni ham sotadi. Pixelbook avvalgi xrombuklardan ancha qimmat bo‘ladi:

● 1749 dollar - 512 Gb;

● 1399 dollar - 256 Gb;

● 1199 dollar - 128 Gb.

Foto: Droid-life

2016 yilda korporatsiya ovoz yordamida virtual yordamchi - Google Assistant bilan ishlay oluvchi Google Home smart-kolonkasini namoyish qilgandi. Model qo‘shiq tinglash, tarmoqda kerakli ma'lumotni izlash, "eslatmalar"ni yaratish, taqvim bo‘yicha hodisalarni kuzatish, aqlli texnikani boshqarish imkonini beradi. Bu kuzda kompaniya ixcham Home Mini smart-kolonkalarini namoyish qiladi. Ma'lum bo‘lishicha, u xuddi avvalgisidek funksiyalar bilan ta'minlangan, faqat ovozi u qadar baland bo‘lmaydi. Hozirga qadar olingan ma'lumotlarga ko‘ra, uning narxi 49 dollar bo‘ladi.

Foto: Droid-life

Daydream View - ikkinchi avlod virtual reallik garniturasi - oktabrda anonsi kutilayotgan yana bir ishlanma. Tarmoqda paydo bo‘lgan suratlar o‘tgan yilgi modellarga nisbatan minimal farqlarni namoyish qiladi. Dizayn biroz o‘zgargan, original ranglar paydo bo‘lgan. Kontroller garnitura rangida ishlangan. Ehtimol, korporatsiya tomonidan ba'zi dasturiy yangilanishlar ham ishlab chiqilgandir. Google Daydream View'ning ikkinchi avlodi deyarli 100 dollarga sotiladi.

Top