09:12 / 22.09.2017
65040

Talaba paxtaga bormasa uni talabalar safidan chiqarish mumkinmi?

Foto: Kun.uz

Yon-atrofimizga nazar solsak, bugungi kunda eng dolzarb va eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri - aynan payta yig‘im-terimiga uyushmagan aholi, xodimlar va talabalarni jalb etish masalasi bo‘lib turgani hech birimizga sir emas. Buni bilish uchun ko‘chaga chiqish ham shart emas aslida, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishning o‘zi kifoya, hammayoqda shu gap.

Tahririyatga talabalardan juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ularni qiziqtirayotgan asosiy savol paxta yig‘im-terimiga o‘z ixtiyori bilan borishni istamagan, rektor nomiga ko‘ngilli sifatida “paxtaga boraman” deb yozib berishni xohlamagan talabani kelgusida nima kutib turibdi? Buning natijasida talabani OTMdan chetlatish mumkinmi?

Javob: YO‘Q! VA YaNA YO‘Q!

Eng avvalo paxta yig‘im-terimiga chiqish har bir kishining ixtiyoriy qarori ekanligini unutmasligimiz lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi, Mehnat kodeksining 7-moddasi hamda “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga muvofiq, majburiy mehnat, ya'ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Shunga ko‘ra, hech kimni o‘z xohishiga qarshi ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilish mumkin emas.

Talabalarga kelsak, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda talabani paxta-yig‘im terimida ishtirok etmaganligi uchun OTMdan chetlatish nazarda tutilmagan.

Xo‘sh, o‘zi qanday sabablar bilan talabani OTMdan chetlatish mumkin?

Nizomning 36-bandiga ko‘ra, talaba oliy ta'lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma'lumotnomasi asosida);
g) o‘quv intizomini va oliy ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
ye) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) vafot etganligi sababli.

Ko‘rib turganingizdek, ular safida “paxta yig‘im-terimida ishtirok etmaganligi uchun” degan band yo‘q. 

Shuningdek, mabodo oliygoh ixtiyoriy paxtaga borishni istamagan talabani “o‘quv intizomini va oliy ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun” degan vaj bilan OTMdan chetlatmoqchi bo‘lsa, bu ham amaldagi qonun talablariga zid hisoblanadi. Sababi OTMlarning ichki tartib-qoidalarida talabaga paxta yig‘im-terimida ishtirok etish majburiyati mumkin emas, bunday qoida birorta OTMda yo‘q.

Agar bunday tashabbusga qo‘shilmagan talabani OTM ma'muriyati boshqa sabablar bilan, masalan, sessiya paytida atayin qiynab yoki doimiy ta'qib ostiga olib chetlatishga urinsa, talaba o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top