20:00 / 25.09.2017
21357

Bolalar bog‘chalari - samarasiz institut. Maktabgacha ta'lim tizimi islohga muhtoj

Jurnalist va tilshunos Eldor Asanov feysbukdagi sahifasida maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflarini bildirib o‘tdi.

Qo‘limda Toshkent aholisi haqidagi 2013 yil yanvariga oid aniq demografik ma'lumotlar mavjud. O‘ylaymanki, undan keyin o‘tgan salkam 5 yillik davr ichida jiddiy demografik siljishlar ro‘y bermagan.

Demak, 2013 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra Toshkent shahri aholisi 2,340 million kishini tashkil etgan. 2015 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,371 million kishiga yetdi. Aholining 63 foizi o‘zbeklar, 20 foizi ruslar, 4,5 foizi tatarlar, 2,2 foizi koreyslardan iborat.

Chilonzor tumani aholisi 2013 yili 228 ming kishini tashkil etgan; bu tumanda Qashqadaryo, Samarqand kabi markaziy va g‘arbiy viloyatlardan tashrif buyurgan vaqtinchalik aholi hisobidan, birinchidan, aholi soni rasmiy statistikadagidan bir qadar ko‘proq, ikkinchidan, etnik o‘zbeklar soni ham shahardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan balandroq.

Oxirgi bir-bir yarim hafta mobaynida vaziyat taqozosi bilan Chilonzor tumanidagi 20dan ortiq xususiy o‘quv markazlarida bo‘ldim. Ularning juda katta qismida, abituriyentlarni tayyorlash kurslari, til kurslari, qizlar uchun hunar kurslaridan tashqari, bolalarga maktabgacha ta'lim berish kurslari («pochemuchka») bor ekan. Bundan tashqari, faqat maktabgacha yoshdagi bolalarga ta'lim berishga ixtisoslashgan xususiy maktab va o‘quv markazlarida bo‘ldim.

Tashriflarim natijasida qiziq bir narsaga guvoh bo‘ldim: tuman aholisining taxminan 70–80 foizi etnik o‘zbeklar bo‘lgan holda, kuzatishlarimga qaraganda, maktabgacha ta'lim markazlariga qatnovchi bolalarning 80 foizi etnik rus, koreys, tatar, shuningdek, rusiyzabon o‘zbek oilalari vakillaridir. Ya'ni, maktabgacha ta'lim masalasida teskari statistikani kuzatamiz.

Umuman olganda, tumanning aynan rusiyzabon aholisi 4–6 yoshdagi bolalarini o‘qitib, maktabga alohida tayyorlashga moyilligini ko‘rdim. Balki adashgandirman, lekin joriy kuzatishlarimdan shunaqa tasavvur hosil bo‘ldi. Etnik tafovutlarga ishonmaganim bois bunaqa statistikadan o‘zim ham hayron qoldim. Chuqur tahlilga kirishmagan holda hozircha bu o‘zbek oilalarining xususiy o‘quv markazlariga ishonmasligi yoki bo‘lmasa moliyaviy ahvoli bilan tushuntirilsa kerak, deb o‘ylamoqdaman.

O‘zbek oilalari esa farzandlarini ko‘proq davlat MTMlariga (maktabgacha ta'lim muassasalari, ya'ni bolalar bog‘chalariga) ishonib topshiradi. Rasmiy talabga muvofiq, bog‘chada ham bolalarga o‘qish-yozish, chizish, matematika asoslari, shuningdek, rus va ingliz tilidan nimadir o‘rgatilishi kerak. O‘tgan yili o‘nga yaqin bog‘chada bo‘lib, ularning katta qismi, afsuski, amalda bu talabga javob bermasligiga guvoh bo‘lgan edim.

Narxlarga kelsak. Davlat bog‘chalarida bola haftasiga besh kun bo‘ladi. Buning evaziga davlatga 110–120 ming so‘m to‘lanadi. Xususiy o‘quv markazlari haftasiga ikki kun, odatda shanba va yakshanba kunlari bolalarni qabul qiladi va ular bilan jami 3–6 soat shug‘ullanadi. Buning evaziga qilinadigan to‘lov — 120–200 ming so‘m.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, moddiy nuqtai nazardan davlat bog‘chalari aholi uchun manfaatli, lekin o‘z xarajatlarini ko‘tara olmaydi, bu xodimlarning moddiy ta'minotiga, bolalarning oziq-ovqati, o‘yinchoqlari va boshqa narsalarning sifatiga ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Foyda keltirmaydigan muassasada xizmat sifati ham tushib ketaveradi. Lekin aholining katta qismi baribir farzandlarini bog‘chaga ishonib topshiradi — birinchidan, hamma ham haftasiga 3–6 soat o‘tkazilgan mashg‘ulot uchun 200 ming so‘m to‘lashni xohlamaydi yoki moddiy imkoniyati yetmaydi, ikkinchidan, hamma oilada ham ish kunlari soat 9:00dan 18:00gacha yosh bolalarga qarab turadigan odam topilmaydi.

Xullas, bolalar bog‘chalari — sotsializm davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan, ammo zamona zayli bilan davlat byudjyeti uchun ortiqcha, samarasiz institutga aylanib qoldi. Uni jiddiy tarzda isloh qilish yoki hech bo‘lmasa sohani butunlay xususiylashtirish, yana qanaqadir boshqa yechimlarni o‘ylash kerak, nazarimda. Axir 4–6 yoshdagi bolalarga beriladigan ta'lim va tarbiya maktabdagi ta'lim va tarbiyaning ahvoliga, u esa, o‘z navbatida, voyaga yetgan fuqaroning kelajak hayotiga ta'sir ko‘rsatadi.

Top