17:50 / 25.09.2017
27116

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik bola bedarak yo‘qoldi

Ayni paytda Qozog‘iston Respublikasida ishlab, yashayotgan o‘zbekistonlik Umida Hamroyeva Kun.uz tahririyati bilan bog‘lanib, farzandi Asilbek Hamroyev bedarak yo‘qolib qolgani haqida ma'lum qildi va amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.

Umida Hamroyeva so‘nggi 2 yil davomida Qozog‘istonning Atirau shahrida mehnat qilib keladi. Shu paytgacha, 2002 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Asilbek ham onasi bilan birga Qozog‘istonda yashagan. Asli Buxoro viloyatidan bo‘lgan Umida Hamroyevaning aytishicha, uning turmushi bekor bo‘lgan, bolani qarindoshlarining qaramog‘ida qoldirish imkoniyati yo‘qligi tufayli, Asilbekni o‘zi bilan Atirauga olib ketgandi.

Ona o‘z bolasini oxirgi marta O‘zbekistonga vaqtincha qaytishdan avval ko‘rgandi. Oila ijaraga yashab kelayotgan xonadon egasi Asilbekka g‘amxo‘rlik qilishga va'da berib, Umidani O‘zbekistonga kuzatib yuboradi. Keyinroq aniqlanishicha, joriy yilning 2 sentabr kuni Asilbek Hamroyev uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. Uning onasi bu voqeadan Qozog‘istonga qaytib kelgach, ya'ni 9 sentabr kuni xabar topdi. Xonadon egasining qistovi va yupatishi tufayli mahalliy huquq-tartibot organlariga rasmiy murojaat qilmay, mustaqil qidiruv ishlarini boshlab yuboradi.

Ammo vaziyat o‘zgarmay qolayotgani uchun u 11 sentabr kuni tuman Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat etgan. Mushtipar ona rasmiy murojaati ham samarali natija bermayotganiga anglagach, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga murojaat qiladi.

Hamroyevaning aytishicha, Qozog‘iston ichki ishlar xodimi, tergovchi Mukashiv Amongeldi uning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini tortib olib, «bu ishlar shu joyning o‘zida» hal bo‘lishini aytib, elchixonaga borishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

Kun.uz tahririyati ayni paytda Qozog‘istonda bo‘lgan o‘zbekistonliklardan Umida Hamroyevaga yordam berishni so‘rab, Tashqi ishlar vazirligini ushbu holat yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga chaqiradi.

Bu borada ma'lumotga ega kishilar Umida Hamroyevaning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin: +7 771 602 90 22

Top