16:21 / 25.09.2017
10190

Londonning yangi qahramoni, biz bilgan Mourino va APLning boshqa yorqin lahzalari

Angliya Premer-Ligasining navbatdagi, 6-turi ortiqcha syurprizlarsiz o‘tdi, deb aytish mumkin. Top-6 jamoalari bugun «Vest Bromvich»ni qabul qiladigan «Arsenal»ni aytmaganda, g‘alaba qozondilar. Ammo bu osonlikcha bo‘lmaganini aytish joiz, zero «Stok Siti», «Vest Hem», «Sauthempton», «Lester» kabi jamoalar Angliyada autsayder emas va ayniqsa, o‘z maydonlarida har qanday raqib bilan teng o‘ynay olishadi. «Manchester Siti» esa, o‘z maydonida «Kristal Pelas» darvozasiga javobsiz besh gol yo‘lladi. Bu ham e'tiborga molik holat – 1958 yildan beri hech qaysi jamoa qatorasiga uch o‘yinda 5+ gol urmagan ekan. 

Tur qahramoni: Alvaro, Alvaro, Alvaro!

Ispaniyalik hujumchining yozgi transfer seriallari oqibatida «Chelsi» safidan joy olishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan va qaysidir ma'noda, londonliklarning majburiy va shoshilinch qaroriga o‘xshab qolgandi. Ilk turlarda asosiy tarkibda Morata emas, Batshuai tushgani ham buni isbotlagandek edi.

Ammo ispaniyalik hujumchi kutilganidan tezroq ingliz futboliga ko‘nikdi va o‘z hamyurtlari yordamida gollar urishda davom etmoqda. Morata «Stok Siti» darvozasiga Angliyadagi dastlabki het-trikini amalga oshirdi va to‘purarlar poygasida Lukaku va Agueroga yetib oldi.

Shu o‘rinda, avvalgi o‘yinlardagi barcha gollar va assistlarini boshi bilan amalga oshirgan Alvaroning bu safar uslub va salohiyat jihatidan rang-barang o‘yinchi ekaniga ham guvohi bo‘ldik. 

Mourinoning navbatdagi chetlatilishi

«Sauthempton»dagi uchrashuvning ikkinchi taymi  «iblislar» uchun mavsumdagi eng og‘ir palla bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Joze Mourinoning hakam tomonidan chetlatilishi, xuddiki mana shunday og‘ir daqiqalarning mantiqiy davomidek ko‘ringandi, lekin ma'lum bo‘lishicha, murabbiy aslida hech qanday yomon ish qilmagan.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Mourino nega chetlatilganini tushunmaganini, lekin hakam talab qilgani uchun chiqib ketganini aytdi.  Aslida Joze o‘z zonasini tark etib, maydonga tushib ketishiga sal qolgandi va bu Kreyg Pousonning e'tiboridan chetda qolmadi. 

«Manchester Yunayted»ning sobiq sardori Brayan Robson esa, bu holatdan hayratda va murabbiy bu voqea uchun diskvalifikatsiya qilinmasligi kerakligini aytmoqda:

«Men dastlab bu holatni televizorda ko‘rib, hazillashishyapti deb o‘yladim. Agar Joze bu ishi uchun tag‘in diskvalifikatsiyaga ham uchrasa, chindan ham hayron qolardim. Men Konte, Klopp kabi murabbiylarni bilaman, ular doim maydon chetida tinch turmaydilar, tentakona harakatlar qiladilar, ammo jazolanmaydilar. Bu holatni futbolga bo‘lgan ehtiros bilan bog‘lashadi, ammo Joze chiziqni tark etishi bilan jazolandi.
 
Bilasizmi, aslida murabbiylar ham ulardan nima talab qilinishini, qoidalarni, chegarani, jazoni bilishadi, ammo o‘yinning so‘nggi daqiqalarida jamoang 1:0 hisobida yutib tursa, chiziqni unutib qo‘yasan. Buning uchun jazolash noto‘g‘ri, agar kerak bo‘lsa, har bir murabbiyni tekshirish va har o‘yinda ularni chiziqdan tashqariga chiqqanlikda ayblab, maydondan chetlatish mumkin», – deydi Robson.

Minole va penaltilar

«Liverpul» himoyachilari, ularga qo‘shilib darvozaboni ham ko‘p tanqid ostiga olinadi. Olti turda 11 gol o‘tkazib ulgurgan jamoa  himoyachi tanqid qilinishga mahkumdek. Ammo gap penaltilar haqida borganda, Simone Minole – qahramon.

U o‘z darvozasiga belgilangan oxirgi 8 penaltidan 5 tasini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ligada eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Agar qaytarilgan penaltilar jamoaga muhim ochkolarni keltirsa, undanam yaxshi. «Liverpul» hisobni 3:1 ga yetkazib, go‘yoki o‘yinni hal qilgani haqida o‘ylayotgan bir paytda Vardi uyg‘ondi va avvaliga hisobni qisqartirib, keyin penalti ishladi. Ammo belgiyalik posbon bu safar ham jamoasining joniga oro kirdi va «Liverpul» muhim g‘alabani saqlab qoldi. 

«Haddersfild»: Sinovlar oldidan.

Premer-Liga debyutanti ilk 6 turning 4 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlashning uddasidan chiqdi va tabiiyki, bu o‘yinlarda ochkoga ega bo‘ldi. Faqat Manchester jamoalarigina «Haddersfild»dan kamroq gol o‘tkazib yuborishgan xolos.

Ammo matbuotchilar bu «sirli tulpor»ni ortiqcha maqtab yuborishga biroz chekinib turishibdi, sababi, jamoa hali haqiqiy sinovlarga duch kelgani yo‘q. Taqvimga ko‘ra, asosan o‘rtamiyonalar bilan o‘ynagan «Haddersfild»ni keyingi turlarda og‘ir o‘yinlar kutib turibdi.

Sentyabrni o‘z maydonida «Tottenhem»ga qarshi o‘yin bilan tugatadigan Vagner shogirdlari oktabrda «Manchester Yunayted» va «Liverpul» bilan o‘ynashadi. Aynan mana shu o‘yinlar «Haddersfild»ning mavsum uchun haqiqiy maqsadini aniqlab bersa ajab emas. 

Taqvimni kim tuzgan?

«Haddersfild», «Brayton» yoki «Nyukasl» kabi jamoalar ochko yig‘ib, mavsum uchun poydevor qo‘yayotgan bir paytda, taqvimdagi muvozanatning yo‘qolishidan ba'zi jamoalar qaysidir ma'noda jabr chekishmoqda.

«Lester»ni olaylik. Olti turda jamoa «Liverpul», «Arsenal», «Manchester Yunayted» va «Chelsi» bilan o‘ynab bo‘ldi. Xuddi shunday, «Everton» haqida ham aytish mumkin. 

To‘g‘ri, bu jamoalar keyinchalik osonroq raqiblar bilan o‘ynab, vaziyatni o‘nglashlari mumkin, ammo mavsum boshidagi natijalar uning davomiga katta ta'sir ko‘rsatishi bor gap. 

«Chelsi» o‘zini bosib olmayapti 

«Stok Siti»ga qarshi o‘yinning ikkinchi taymida yetakchi himoyachilardan biri Markus Alonso almashtirildi. Bosh murabbiy Antonio Konte buni izohlar ekan, raqib tarkibida Piter Krauchning tushishi yuqori qavatlarda kurashuvchi Gari Keyhillga extiyoj tug‘ilganini aytgan bo‘lsa-da, aslida boshqa sabab ham bor.

Alonso hakamning Mama Diufning o‘ziga qarshi ishlatilgan qo‘polligiga e'tibor bermaganini og‘ir qarshi oldi. Shundan so‘ng, maydonning har yerida raqib futbolchilariga qarshi keskin, qo‘pol o‘ynay boshladi va aytish mumkinki, qizil kartochkaga bir qadam qolgandi. Konte buni o‘z vaqtida sezib, ispaniyalik himoyachini almashtirdi – ammo maydon tashqarisida ham londonliklar bilan tarbiyaviy ish olib borilmasa bo‘lmaydi. O‘zi shundog‘am, «Chelsi» chetlatilishlar bo‘yicha ligada yetakchi bo‘lib olgan – olti tur davomida Konte shogirdlariga 3 marotaba qizil kartochka ko‘rsatilgan. 

Biroz statistika:

«Vest Hem» hujumchisi Chicharito APL dagi o‘zining 40-golini urdi. E'tiborga molik jihati, meksikalik futbolchi bu gollarning barchasini jarima maydoni ichkarisida zarba berib urgan. 

«Brayton» 1982 yildan beri birinchi marotaba ketma-ket ikki uy uchrashuvida g‘alaba qozondi. 

«Chelsi» tomonidan urilgan gollarning 75 foizi ispaniyalik futbolchilar hissasiga to‘g‘ri kelar ekan. 

«Everton» mavsumda birinchi marta 1 tadan ortiq gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 

Fabian Delf tomonidan «Kristal Pelas» darvozasiga gol urilishi oldidan, «Siti» futbolchilari 31 marotaba bir-birlariga aniq to‘p uzatishdi. Bu 2015 yil sentabridan buyon eng yaxshi ko‘rsatkichdir. O‘shanda Lui van Gaal shogirdlari «Sauthempton» darvozasiga 34 pasdan keyin gol (Mata) urishgandi.

Koutino jarima maydoni tashqarisidan berilgan zarba orqali 16-golini kiritdi. Bu futbolchining APL dagi debyutidan so‘ng hisoblanganda, ligada eng yaxshi ko‘rsatkichdir. 

«Kristal Pelas» Angliya chempionati tarixida dastlabki 6 o‘yinida gol urmasdan mag‘lubiyatga uchragan ilk klubdir. 

David Silva mavsumdagi 6-assistini amalga oshirdi va Genrix Mxitaryanni quvib o‘tib, peshqadam bo‘lib oldi. 

Aytgancha
«Tottenhem» hujumchisi Harri Keyn «Vest Hem» darvozasiga 2 gol yo‘lladi va London derbilarida urgan gollariga ketgan vaqt ko‘rsatkichi bo‘yicha, Terri Anrini quvib o‘tib, peshqadam bo‘lib oldi.

NATIJALAR VA JADVAL

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Top