00:16 / 25.09.2017
35881

Oltin medallarga boy kun: Ashxobodda sportchilarimiz medal jamg‘arish bo‘yicha oldingi saflarda borishmoqda

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yopiq inshootlar va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining 9-musobaqa kuni yakun topdi.

Futzal yarim finalida Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqqan futzalchilarimiz o‘ta murakkab o‘yinda final yo‘llanmasini hal qilishdi. O‘yinning asosiy bo‘limlari 3:3 hisobida yakun topgach, o‘zbekistonlik futzalchilar penaltilar seriyasida kunchiqar yurt vakillari ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqishdi.

Yaponiya - O‘zbekiston 3:3 (penaltilar seriyasi - 2:3)

Gollar: Kasho Tamuro 8, K.Shimizu 27, Sh.Xara 34 - K.Sviridov 20, D.Abdurahmonov 23, D.Choriyev 35

Finalda futzalchilarimizni Eron terma jamoasiga qarshi murakkab bahs kutib turibdi.

3X3 basketbol musobaqasida qizlarimiz finalda Tailand terma jamoasiga qarshi bahs olib borishdi va qo‘shimcha daqiqalarda 20:22 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritishdi.

E'tiborlisi shundaki, bunday yirik musobaqalar tarixida ilk bor jamoaviy sport turlarida ikki jamoamiz finalga chiqmoqda.

105 kg.gacha bo‘lgan og‘ir atletikachilar musobaqasida Ivan Yefremov oltin medalni qo‘lga kiritdi. 94 kg vazn toifasida Farhod Sobirov kumush, 90 kg vazn toifasida Dolera Davronov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

68 kg.gacha vazndagi sambochilar musobaqasida Sarbon Ernazarov va 90 kg.gacha vaznda Ne'mat Yoqubov oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Erkin kurash musobaqasida finalga chiqqan Mahmudjon Shavkatov va Bekzod Abdurahmonov oltin medalni egallashdi.

9-kungi musobaqalardan so‘ng O‘zbekistonlik sportchilar 21 ta oltin, 28 ta kumush va 57 ta bronza — jami 105 ta medal to‘plab medallar jadvalining 4-pog‘onasidan joy olishgan.

1-o‘rinda turnir mezbonlari — Turkmaniston sportchilari hisobida 79 ta oltin, 58 ta kumush, 69 ta bronza — jami 206 ta medal bor.

2-o‘rindagi xitoylik sportchilar 23-21-17 ko‘rsatkich bilan 61 ta medal to‘plashgan.

3-o‘rindagi Eron sportchilari 22-18-49 natija bilan 89 ta medal jamg‘arishgan.

Top