18:11 / 26.09.2017
15882

Samarqand shahrida yangidan barpo etilgan «Nuroniylar maskani» ochib berildi (foto)

Bugun, 26 sentabr kuni Samarqand shahrining qoq markazidagi eng so‘lim go‘shalaridan biri — Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i hududida yangidan barpo etilgan «Nuroniylar maskani» — O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi shahar bo‘limining binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev ushbu maskan shaxsan prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan loyiha asosida qisqa muddat — 3 oy ichida qurib bitkazilgani, ushbu maskanda shaharlik nuroniylar uchrashib, fikr almashib, horidiq chiqarishlari, bir piyola choy ustida suhbat qurishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinganini aytib o‘tdi.

«Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov o‘z so‘zida Samarqand shaharida 40 ming nafar nuroniylar va faxriylar umrguzaronlik qilayotganini aytib, ular uchun shunday zamonaviy va qulay maskan yaratilgani davlatimiz rahbari va hukumatimiz, qolaversa, viloyat rahbariyati tomonidan aholining keksa avlodiga ehtirom o‘laroq baholanishini ta'kidlab o‘tdi.

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, jamoat faoli Dilbar Imomova ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlar nomidan tashakkur bildirdi.

Bino ochilishi uchun tutilgan lentani H.Normurodov va jamg‘armaning shahar bo‘limi raisi A.Muhiddinov kesishdi. Tadbirga yig‘ilgan nuroniylar ichkariga taklif etildi. Binoda shifoxona, fitobar, kutubxona, shaxmat-shashka to‘garagi va mo‘'jaz choyxona qariyalarimizning xizmatiga muntazir.

Tadbir so‘ngida ochilish marosimida qatnashganlar bir piyola choyga taklif qilindi. O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Mardon Mavlonov boshliq sozandalar mumtoz kuy-qo‘shiqlarni ijro etib berishdi.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri

Top