11:50 / 26.09.2017
103131

Tilxat asosida paxtaga chiqarish qonuniymi?

O‘tgan haftada talabalar, o‘qituvchilar va shifokorlar paxta dalalaridan qaytarildi. Shu paytgacha bu toifadagi fuqarolar majburiy-ixtiyoriy tarzda paxta terimiga jalb qilib kelingani sir emas. Majburiy mehnat muammosining ham bir kunda hal bo‘lib qolishini kutish qiyin. Barcha fuqarolar ogoh bo‘lishlari va o‘z haq-huquqlarini yaxshi tanib olishlari lozim. Shu maqsadda biz talabalarning paxta dalalariga tilxat asosida, ya'ni go‘yoki ixtiyoriy tarzda olib chiqilishi qanchalik qonuniy ekanini ko‘rib chiqmoqchimiz.

Agar ular shu asosda yana paxta dalalariga olib chiqiladigan bo‘lsa, nima qilish kerak? Quyida shunday holatda ko‘rish lozim bo‘lgan choralar ham keltirilgan.

Talabalardan yozib olinadigan tilxatlarning qisqacha mazmuni shunday:
Tilxat mualliflari «Respublikamizning milliy boyligi bo‘lgan paxta yig‘im-terimiga qatnashib, vatan, xalq va ota-ona oldidagi burchini bajarishlari» haqida aytadilar. Talabalar, shuningdek, agar bu tilxatda berilgan va'dalar bajarilmasa, «kursdan-kursga qoldirish hamda qonunda ko‘rsatilgan barcha choralar qo‘llanishiga roziman» deb yozib beradi. 

2017 yilda ham xuddi shu kabi mazmunda tilxatlar kollej, institut va davlat idoralari xodimlaridan yozdirib olingani to‘g‘risida ma'lumotlar bor.

Talabalar paxtaga o‘z ixtiyori bilan chiqishi haqida bunday tilxat yozishi qanday huquqiy maqomga ega? Talaba tilxatda bergan va'dasining ustidan chiqmasa, paxta terishdan voz kechsa, ma'muriyat mazkur tilxat asosida talabani «jazolashi» mumkinmi?

Tilxat nima?
Avvalo, shu tushuncha haqida biroz ma'lumot bersak.
Kundalik hayotimizda tilxatlardan juda ko‘p foydalaniladi. Qonunchilikda tilxatning ta'rifi berilmagan bo‘lsa ham, uni bitim turlaridan biri deb aytish mumkin. Tilxatlar bir taraflama tuzilgan bitim hisoblanadi. Chunki, uni tuzish uchun bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo‘ladi. Bitimlar ba'zi holatlarda haqiqiy emas deb hisoblanadi. Masalan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitimlar (FK, 116-modda), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimlar (FK, 117 modda) va o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligisiz (FK,118-modda) tuzgan holatda haqiqiy hisoblanmaydi. Shu bilan birga, aldash, zo‘rlik, qo‘rqitish, shuningdek, fuqaro og‘ir holatlar yuz berishi tufayli o‘zi uchun o‘ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo‘lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchi da'vosi bilan sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.  Bitim haqiqiy bo‘lmaganda, taraflarning har biri bitim bo‘yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi kerak. Olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa,  uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart bo‘ladi.

Qonunchilikda tilxat ta'rifi berilmagan bo‘lsa ham, unga nisbatan bitim qoidalarini qo‘llash mumkin. Tilxatning asosiy mazmuni shundaki, u majburiyatlarni tartibga soladi. Bir tomon ikkinchi tomonga nisbatan ma'lum majburiyatlar bajarishni o‘z zimmasiga oladi (masalan, mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo). Masalan, Fuqarolik Kodeksining 257-moddasiga ko‘ra, kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatlarning to‘la yoki qisman bajarilishini qabul qilib olgani haqida tilxat berishi shart.  Bunda, taxminan, tilxatning matni quyidagicha yozilishi mumkin: «Qarzdor mendan shu kuni shu miqdorda olgan qarzini shu kuni to‘la qaytardi».

Tilxat Jinoyat-Protsessual Kodeksida ham tilga olingan. Kodeksning 250-moddasiga binoan, ayblanuvchi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki suddan yashirinmaslik haqida bergan yozma majburiyatni tilxat bilan ifodalaydi.

Tilxatning kundalik hayotda juda ko‘p qo‘llaniladigan yana bir turi mavjud. Bunday tilxatlardan, ko‘pincha, xo‘jalik yuritishda foydalaniladi. Masalan, dalada qo‘shimcha chopiqni amalga oshirish uchun traktorchi dehqon xo‘jaligidan «falonchi raqamli traktorni chopiq uchun 2 kunga qabul qilib oldim va shu kuni qaytaraman», deb tilxat yozib berishi mumkin. Bu kabi holatlarda tilxat bir tomonlama tuzilgan hujjat bo‘lib, ma'lum ma'muriy-huquqiy majburiyatlar yuzaga kelganini tasdiqlovchi asos bo‘lib xizmat qiladi.

Paxta terimiga chiqish uchun yozilgan tilxat qonuniymi?
Paxta terimiga chiqishni va'da beruvchi tilxatlarga keladigan bo‘lsak, bunday tilxatlar hech qanday huquqiy maqomga ega emas. Tilxatni yozib bergan talaba tilxatda tilga olingan «burch va majburiyatlar»dan, quyidagi sabablarga ko‘ra, istagan vaqtida bir taraflama voz kechishi mumkin.

Birinchidan, fuqarolarning burch va asosiy majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab berilgan. Konstitutsiyaning XI bobi «Fuqarolarning burchlari» deb nomlanib, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchidir, deyilgan (52-modda). Bundan tashqari, mazkur bobda asosiy majburiyatlar haqida ham gap ketadi va ular orasiga Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish va soliq to‘lash kabi majburiyatlar sanab o‘tilgan (48–51-moddalar). Bular orasida, tabiiyki, majburiy mehnatga chiqish yoki paxta terish majburiyati belgilanmagan. Shuning uchun, O‘zbekiston fuqarolari, xususan, maktab o‘quvchilari, kollej va universitet talabalari, paxta terishga majbur emaslar. Bunday majburiyat O‘zbekiston Respublikasining bironta qonunchiligida nazarda tutilmagan. Bunday majburiyatni o‘quvchilar yoki talabalar tilxat yozish orqali ham o‘z zimmalariga olishlari mumkin emas. Aksincha, tilxat zo‘rlik yoki qo‘rqitish bilan yozdirilgan taqdirda, kollej ma'muriyatini majburiy mehnatda ayblab, tegishli davlat organlariga shikoyat qilish kerak.

Ikkinchidan, o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni, mazkur mavzuda, paxta terish haqidagi tilxatlarni, ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligi bilan berishlari kerak. Mazkur talabga rioya etilgan taqdirda ham, paxta terish haqidagi tilxatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan majburiyatlarni yaratgani uchun haqiqiy hisoblanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2009 yil 26 iyundagi 33Q/B 13-sonli qaroriga Ilova sifatida «O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlari ishlari» Ro‘yxati qabul qilingan bo‘lib, undagi taqiqlangan mehnat turlari qatoriga «paxtani qo‘lda terish» ham kiritilgan (XXXVIII bobga qarang).

Demak, paxtani qo‘lda terish ishlarida 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Bunday holatda 18 yoshga to‘lmagan kishi o‘z xohishi bilan paxta terimiga chiqishi mumkinligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, 2008 yil 12 sentabrda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida» Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 martda qabul qilgan «O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyani 2012-2013 yilllarda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi Qarorining mazmunidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, umumta'lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va bunday mehnatdan foydalanish taqiqlanadi.

Aksincha, agar shunday tilxatlar kollej talabalariga majburlab yozdirilayotgan bo‘lsa, talabalar kollej rahbariyatini O‘zbekiston qonunlarida taqiqlangan majburiy mehnatga majburlashda ayblab, tegishli davlat organlariga (masalan, prokuratura va sudga) murojaat qilishlari kerak. Shu mazmunda yozilgan tilxat talabani kursdan-kursga o‘tkazmaslikka asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Agar kollej rahbariyati talabani shunday deb qo‘rqitayotgan bo‘lsa, bu ham o‘z xohishiga qarshi mehnat qilishga majburlash turi bo‘lib, talaba zudlik bilan tegishli davlat organlariga shikoyat qilishi kerak. Buning uchun quyidagi majburiy mehnat ustidan shikoyat arizasi namunasi bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.

[Kollej o‘qituvchisining paxta terishga majburlashi ustidan namunaviy shikoyat arizasi;
Arizadagi joy va ism nomlari to‘qima

Buxoro Engil sanoat kasb-hunar
kolleji direktori Usmon Turdiyevga
Buxoro shahri,  Mustaqillik ko‘chasi
1991-uyda yashovchi Otabek Farhodovdan

ARIZA

Buxoro yengil sanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi bo‘lmish Olima Sattorova mazkur kollejning 1-bosqich talabasi o‘g‘lim Hamid Farhodovni paxta terimiga chiqishga majbur qilmoqda. O‘qituvchi Sattorovaning mazkur xatti-harakatlarini noqonuniy deb bilaman va sizdan bunga qarshi tegishli choralar ko‘rishingizni iltimos qilaman.

Mazkur yilning sentabr oyida Olima Sattorova farzandimga kursdoshlari kabi paxta terimiga chiqishi shart ekanligini aytgan. Farzandim paxta terimiga chiqishni xohlamasligini, uning o‘rniga darslarni uyda mustaqil ravishda o‘qishini aytgan. Sattorova bunga javoban farzandim paxta terimiga chiqishni xohlamasa, o‘rniga boshqa kishini yuborishi kerakligini yoki bo‘lmasa 300 000 so‘m pul to‘lashi kerakligini aytgan. Aks holda, uni keyingi kursga o‘ta olmaslik bilan qo‘rqitgan. Sattorovaning mazkur xatti-harakatlari quyidagi sabablarga ko‘ra, mehnatga majburlash bo‘lib,  amaldagi qonunchilikka ko‘ra, noqonuniy hisoblanadi:
1. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mehnat qilishga majburlash taqiqlangan. Xususan, Konstitutsiyaning 37-moddasi majburiy mehnatni man etadi. Mehnat Kodeksining 7-moddasida ham shunday qoida belgilanib, biron jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash majburiy mehnat ekani aytilgan;
2. «O‘zbekiston Respublikasi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasiga binoan, har bir o‘quvchiga bilim olish huquqi davlat tomonidan kafolatlanadi. Farzandimning paxta terishga majburlanishi mazkur huquqning, davlat tomonidan kafolatlangan huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2009 yil 26 iyundagi 33Q/B 13-sonli qaroriga Ilova sifatida «O‘z sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlari ishlari» Ro‘yxati qabul qilingan bo‘lib, undagi taqiqlangan mehnat turlari qatoriga «paxtani qo‘lda terish» ham kiritilgan (XXXVIII bobga qarang).

Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga asoslanib,  farzandimni paxta terishga majburlash holatlari to‘xtatilishini so‘rayman. Olima Sattorova yoki kollej o‘qituvchilaridan boshqasi tomonidan farzandimni paxta terishga majburlash holati qaytariladigan taqdirda, shikoyat arizasi bilan tegishli yuqori turuvchi davlat organlariga, xususan, vazirliklarga, Prokuratura va sudga murojaat qilishimni bildiraman.

O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga asoslanib, shikoyat arizamga 15 kun ichida javob berishingizni so‘rayman.

2013. 22. 09                                      [imzo]                                                 Otabek Farhodov

Top