12:32 / 26.09.2017
20924

Vaqtincha saqlash hibsxonalari uchun ichki tartib qoidalari tasdiqlandi

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga (2011 yil 29 sentabr, O‘RQ-298-son) muvofiq ichki ishlar vazirining buyrug‘i (2017 yil 12 sentabr) bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Ichki tartib qoidalarida quyidagilar o‘rnatilgan:

• vaqtincha saqlash hibsxonalari (VSH) hududiga kirish va undan chiqish;
• VSHga olib kelingan shaxslarni qabul qilish va kameralarga joylashtirish;
• VSHda shaxslarni shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, ularning barmoq izlarini olish va fotosuratga olish, shuningdek ashyolari va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘zdan kechirish;
•  taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarini olib qo‘yish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning moddiy-maishiy ta'minoti;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta'minoti;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olish;
•  posilkalar, yo‘qlovlar, banderollarni qabul qilish va ularni VSHda saqlanayotgan shaxslarga berish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning xat-xabarlarni olishi va jo‘natishi;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning har kungi sayrlarini o‘tkazish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning diniy rasm-rusumlarni ado etishi, fuqarolik-huquqiy bitimlarda va oilaviy munosabatlarda ishtirok etishi;
•  VSHda qamoqqa olingan shaxslarni mehnatga jalb etish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborishi;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning VSH boshlig‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan shaxsan qabul qilinishi;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarning tergov harakatlari va sud majlislarida ishtirok etishini ta'minlash;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarni moddiy javobgarlikka tortish;
•  VSHda saqlanayotgan vafot etgan shaxslarning jasadlarini berish;
•  VSHda saqlanayotgan shaxslarni ozod qilish.
 
Xususan:

VSHda saqlanayotgan shaxslarga bir marotaba EKIHning 30%igacha bo‘lgan summaga naqd pulsiz hisob-kitob orqali oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olishga ruxsat etiladi;
VSHda saqlanayotgan shaxslarga belgilangan og‘irlikdagi bitta posilka (banderol), shuningdek 12 kilogrammgacha oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 2 ta yo‘qlov olishga ruxsat etiladi. VSHda saqlanayotgan homilador va bolali ayollar, voyaga yetmaganlar, shifokor xulosasiga ko‘ra davolanishga va kuchaytirilgan ovqatga muhtoj deb topilgan bemorlar, I va II guruh nogironlari uchun yo‘qlovlarning soni va og‘irligi cheklanmaydi;
VSHda saqlanayotgan shaxslarga bir vaqtning o‘zida ikki nafar voyaga yetgan qarindoshi bilan 2 soatgacha bo‘lgan bitta uchrashuvga ijozat beriladi. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, shuningdek mast holda kelgan shaxs bilan uchrashishga yo‘l qo‘yilmaydi;
VSHda qamoqqa olingan shaxslar tegishli sharoitlar mavjud bo‘lganda VSH hududida o‘z xohishlariga ko‘ra mehnatga jalb etilishi mumkin (ish haqi miqdori YaTS birinchi razryadidan kam bo‘lmasligi lozim). Ularni majburiy mehnatga jalb etish taqiqlanadi, bundan kamerani tozalash mustasno.
 
Hujjatda VSHda saqlanayotgan shaxslarning xulq-atvor qoidalari o‘rnatilgan.
 
Shuningdek hujjatda taqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlarining quyidagi ro‘yxati keltirilgan:

1. Barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar, shuningdek o‘q-dorilar.
2. Pullar, qimmatli qog‘ozlar, qimmatbaho toshlar, durlar va ulardan yasalgan buyumlar, turli markadagi soatlar va boshqa qimmatliklar.
3. Optik asboblar, ko‘zoynak bundan mustasno.
4. Alkogol mahsulotlari, shuningdek tarkibida spirt bo‘lgan atir va boshqa mahsulotlar.
5. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta'sir etuvchi preparatlar.
6. Barcha turdagi radioapparatura, kompyuter texnikasi, yozuv mashinkasi, nusxa ko‘chirish vositalari.
7. Aloqa vositalari, jumladan uyali aloqa vositasi, radiotelefonlar, peyjyerlar, ratsiyalar va ularning barcha turdagi qismlari.
8. Pichoqlar, qaychilar, ustaralar, elektr ustara bundan mustasno, shuningdek boshqa barcha turdagi sanchuvchi va kesuvchi hamda inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli, jinoyat quroli sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolar.
9. Oynalar, bundan kamera devoriga o‘rnatilgan oyna mustasno.
10. Chilangarlik va boshqa asbob-uskunalar.
11. Sport anjomlari.
12. O‘yin kartalari.
13. Har qanday turdagi foto, audio va videoapparaturalar hamda ularning qismlari.
14. Pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan nashr va materiallar, shuningdek taqiqlangan adabiyotlar.
15. Topografik xaritalar va kompas.
16. Harbiy va boshqa formali kiyim-bosh hamda uning jihozlari.
17. Nusxa ko‘chiradigan qog‘ozlar (kopirka).
18. Musiqa asboblari.
19. Xamirturush va achitqilar.
20. Uyda pishirilgan, shuningdek iste'mol qilinishi isitish va pishirishni talab qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari.

2017 yil 18 sentabrda kuchga kirdi.

Top