18:11 / 27.09.2017
4229

Instagram'ning kundalik auditoriyasi 500 millionga yetdi

Foto: Getty Images

"Tarix" funksiyasi joriy etilgan vaqtdan buyon atigi bir yil ichida Instagram'ga kundalik kiruvchilar soni 200 million kishiga oshdi. Bu haqida Facebook'ning marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Kerolin Everson bergan ma'lumotga asoslanib, CNBC xabar berdi. 

Shu tariqa Instagram 160 foizli o‘sishni qayd etdi. Endi bir oyda 800 million kishi va kuniga 500 million kishi vizual ijtimoiy tarmoqdan foydalanmoqda. Everson shuningdek mart oyidan reklama beruvchilarning soni ikki barobarga oshgani haqida hisobot berdi - 2 millionga yaqin kompaniya mobil ilovada o‘z mahsulotlari reklamasini joylashtirmoqda. 

Instagram'dan foydalanuvchilar bazasi barqaror o‘sib bormoqda. Taqqoslash uchun,  Snapchat'dan kuniga 173 million kishi foydalanadi - bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizgagina ko‘p. 

Kundalik auditoriya ko‘rsatkichi ayniqsa muhim. "Tarix" kabi funksiya foydalanuvchilarni har kuni unga kirishga undaydi, zero ilova vaqtida ochilmasa, do‘stlarning surat va videolari yo‘qoladi. 

So‘nggi ikki yilda servis auditoriyasi ikki barobarga ko‘paydi: 2014 yilning dekabrida 300 million foydalanuvchi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 600 millionga yetdi.  Kompaniya 2010 yilning 6 oktabrida ish boshlagan, ikki oy ichida u foydalanuvchilari sonini millionga chiqardi. 2012 yilning aprel oyida Facebook Instagram'ni taxminan milliard dollarga xarid qildi. 

Mavzuga oid
Top