13:24 / 27.09.2017
10355

Kurdlar referendumi konstitutsiyaga zid - Rajab Toyyib Erdo‘g‘an

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 25 sentabr kuni Iroq shimolida kurdlar tomonidan o‘tkazilgan referendumni konstitutsiyaga zid deb atadi, — deb xabar bermoqda Anadolu agentligi.

Anqarada ombudsmenlarning xalqaro konferensiyasida chiqish qilar ekan, Turkiya prezidenti Iroq shimoli va Kosovoda o‘tgan referendumlar o‘rtasidan parallel o‘tkazgan. «Kosovoning mustaqilligini 114ta davlat tan oldi, biroq taassufki, Kosovo hanuzgacha jahon hamjamiyatining to‘laqonli a'zosiga aylana olgani yo‘q va mushkulotlarni boshdan kechirmoqda. Mustaqilligini faqat Isroil tan oluvchi shimoliy Iroq nimadan umid qilmoqda?», — degan Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroq kurdlari mintaqaviy ma'muriyati (IKMM) siyosat va davlat tuzilishi haqida tushunchaga ega emas. «Ular masalani bitta deklaratsiya bilan yechish mumkin deb o‘ylashmoqda. Lekin bunaqasi ketmaydi», — degan Erdo‘g‘an.

Davlat rahbarining qayd etishicha, Turkiya hukumati o‘z tashvishini IKMM rahbariyati e'tiboriga yetkazganiga qaramasdan, Arbildagilar referendum o‘tkazish qarorida qat'iy turib olishgan. «Iroq konstitutsiyasi nuqtai nazaridan, bu ovoz berish yuridik kuchga ega emas. Isroildan tashqari biror bir xalqaro tashkilot bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi», — degan turk yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Iroq — turli millat vakillari umrguzaronlik qilayotgan maskan, faqat bir etnosning tashabbusi yangi to‘qnashuvlar va falokatlar keltirib chiqaradi.

«Aytishlaricha, ovoz berganlarning 90–92 foizi mustaqillikni yoqlagan emish. Bu referendumning sariq chaqachalik qiymati yo‘q. Kim IKMMning mustaqilligini tan oladi? Faqat Isroilmi? Lekin jahon hamjamiyati Isroildan bir necha karra katta», — degan Turkiya davlat rahbari.

«KIP terrorchilari ovoz berish sanog‘i boshlanishidan avval bayramni boshlab yuborishdi, bu esa legitimlik va shaffoflik mutlaqo yo‘qligidan darak beradi. Tushunarsiz sharoitlarda tashkillashtirilgan referendumda qatnashganlar va ovoz berganlar soni bahsli. Bunga sabab bu tashabbusning o‘zi noqonuniy bo‘lganidir», — degan Turkiya prezidenti.

«Aholini ro‘yxatga olish haqida ma'lumotlar yo‘q qilinishi, arablar va turkmanlarni yashab turgan joylaridan siqib chiqarish va inson huquqlari buzulishiga doir boshqa omillar fonida o‘tkazilgan bu referendumni aslo legitim hisoblab bo‘lmaydi», — deya ta'kidlagan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidentining ogoh etishicha, Turkiya Iroq shimoliga sanksiya joriy qilishi hamono bu jarayonlar yo‘qlikka yuz tutadi. «Hammasi Anqara neft o‘tkazish quvurini berkitgan kuni nihoyalanadi. Agar yuk mashinalari Turkiya va Iroq chegarasini kesib o‘tmasa, IKMM aholisiga yeb-ichish va kiyinishga hech vaqo qolmaydi. Anqarani shunday chora qo‘llashga majbur qilishmoqda. O‘shanda kim ularga yordam beradi? Isroilmi?», — deya davom etgan Erdo‘g‘an.

Top