08:22 / 28.09.2017
11511

Eron AQSh taqiqi va kurdlar bo‘yicha bayonot berdi

Foto: RIA «Novosti»

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tehron AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan sentabr oyi oxirida kiritilgan taqiqqa javob choralari ko‘rishi mumkinligini istisno qilmadi. Taqiq sakkiz mamlakat, jumladan, Eron fuqarolarini AQShga kiritmaslikni nazarda tutadi.

"AQSh prezidenti kichik siyosiy sabablarga ko‘ra, uzoqlashish hamda hech kimga ziyon keltirmagan butunboshli millatni chetga surishga qaror qilgani juda afsuslanarli", - deya aytib o‘tdi Zarif Assoshieyted Press agentligiga bergan intervyusida.

«Biz o‘z fuqarolarimizning qadr-qimmatini saqlab qolish uchun AQSh tomonidan qabul qilingan choralarga javob berishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Eron TIV rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron rasmiylari javob chorasi bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelmagan.

Avvalroq, Tramp AQShga bir qator mamlakatlar fuqarolarining kirishiga qo‘yilgan taqiq yangilashini ma'lum qildi va bu ro‘yxatga uchta davlatni qo‘shdi. Venesuela, KXDR va Chad fuqarolari kirishiga qo‘yilgan taqiq 18 oktabrda kuchga kiradi. Eron, Yaman, Liviya, Suriya va Somali fuqarolari taqiq ro‘yxatida qoladilar, shu bilan birga, 18 oktabrdan boshlab cheklovlar AQSh aholisi bilan isbotlangan aloqalari bo‘lgan shaxslarga nisbatan yanada kuchaytiriladi va kengaytiriladi. Sudan ro‘yxatdan chiqarib tashlandi.

Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Iroq Kurdistonining mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazishini «jiddiy xato» deb atadi, lekin u kurdlar Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi.

"Biz buni juda jiddiy xato, deb hisoblaymiz», - dedi Zarif referendum haqidagi savolga javob berib.

«Biz kurdlarning abadiy do‘stlari bo‘lib qolamiz, ammo biz buni strategik xato, deb hisoblaymiz», - deya ma'lum qildi Zarif Nyu-Yorkda chiqish qilarkan.

Iroq Kurdistoni muxtoriyatining mustaqilligi bo‘yicha referendum dushanba kuni bo‘lib o‘tdi va uning rasmiy natijalari payshanba kuni e'lon qilinadi. Kurdistondagi Oliy mustaqil saylov komissiyasi xabar berishicha, 3,4 mln. ovozlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, saylovchilarning 91,83 foizi mustaqillik uchun ovoz bergan.

Bundan tashqari, Javod Zarif AQSh prezidenti Donald Trampning Eron Islom Respublikasida ballistik raketa sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabaridan so‘ng, bayonot berishdan oldin ma'lumotlarni tekshirish zarurligiga e'tibor qaratdi.

«Bunday bayonotlarni berishdan avval dalillarni tekshirish kerak», - dedi Eron tashqi ishlar vaziri Assoshieyted Press agentligiga bergan intervyusida. «Men odamlar dalillarni chalkashtirayotgani hamda muqobil dalillarni keltirib chiqarayotganidan tashvishlanyapman», - degan u.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Tvitterdagi sahifasida «Eron Isroilga yetib borishi mumkin bo‘lgan ballistik raketani sinovdan o‘tkazgani»ni yozgan edi. Bundan tashqari, u Tehronni Pxenyan bilan hamkorlik qilishda aybladi va Eron bilan tuzilgan shartnomalar ish bermasligini yana bir bor ta'kidladi.

Bundan oldin Eron televideniyesi bir necha jangovar kallaklarni olib o‘tishga qodir bo‘lgan, ikki ming kilometrlik parvoz masofasiga ega «Xurramshahr» ballistik raketasi muvaffaqiyatli uchirilganini xabar qilgandi.

Top