10:47 / 28.09.2017
14062

Namanganda «ustomon» o‘g‘ri qo‘lga tushdi

Shomil bolaligidan chorva parvarishiga ishqiboz bo‘lib, anchadan beri bitta durustroq qo‘y sotib olishni o‘ylab yurgandi. Bugun o‘sha rejasi amalga oshadigan bo‘ldi.

Shundanmi, erta tongdan kayfiyati chog‘, sabri chidamay yuzini ham amallab “mushukyuvish” qildi-da, nonushtani ham nasiya qilgancha bozorga otlandi. U mashinasini “stoyanka”ga qo‘yib, har ehtimolga qarshi eshiklarini berkitganini yana bir bor tekshirib qo‘ydi. Hammasi joyida, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q.

Shomil bozor ichkarisiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani zahoti xuddi osmondan tushgandek uning avtomashinasi yonida sipo kiyingan kimsa paydo bo‘ldi. “Mehmon”ning ko‘rinishi biroz shubhali bo‘lib, bir qarashda uning ko‘zlari olazarak boqayotganini payqash qiyin emasdi. U ko‘chadagi o‘tkinchilarga hamda bozor oldida yig‘ilgan odamlarga bu mashina o‘ziga qarashlidek taassurot uyg‘otmoqchi bo‘lib, avtoulov yonida picha kuymalanib yurdi. So‘ng atrofni sinchiklab kuzatib, hech kim o‘ziga e'tibor bermayotganiga qat'iy ishonch hosil qilgach, sekingina ishga kirishdi.

Yoshi 50 dan o‘tsa-da, hamon pok-nopok yo‘l orasidagi farqni tushunishni istamaydigan bu kimsa shaharni bedarvoza bildi chog‘i, cho‘ntagidan kalitlar shodasini chiqarib, ular ichidan mashina yukxonasi qulfiga tushadiganini qidira boshladi. Ancha urinishlardan keyin kalit topildi. U shoshib yukxonani ochdi-da, tartib bilan joylashtirib qo‘yilgan anjomlar – zaxira ballon, o‘t o‘chirish moslamasi, haydovchilik jileti, avtomashina farasi, 1 dona ko‘tarish moslamasi va yana bir qancha ehtiyot qismlarni ko‘rib, ko‘zi o‘ynab ketdi. “Hammasini olish kerak!”

O‘g‘ri hovliqqancha ularni xaltaga solarkan, dam-badam chor-atrofga ko‘z tashlab qo‘yishni ham unutmasdi.

“Hunari”dan g‘ururlanib, yukxonani ship-shiydam qilgan kissavur hech narsa bo‘lmagandek uning eshigini berkitdi-da, juftakni rostladi. Ammo mashinadan ko‘p ham uzoqlashishga ulgurmadi, anchadan beri uni shubha ostiga olib kuzatayotgan ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Chunki bu kabi kissavurlarning turli nayranglarini ko‘raverib, ko‘zlari pishib ketgan tartib posbonlari ham o‘z ishlarining ustasi edilar.

Bozorni uzoq aylangan Shomil ko‘nglidagi qo‘chqorni topib, egasi bilan narx borasida erinmay savdolashdi va nihoyat mashinalardan biriga ortib, uyiga jo‘natib yuborgach, yengil tortdi va xush kayfiyatda mashinalar saqlash joyi tomon yurdi. Biroq uning mashinasi yonida turli notanish kishilarni ko‘rib, hayron bo‘ldi.

-  Akalar, tinchlikmi? Nima gap o‘zi?

Ulardan biri hujjatini ko‘rsatib, o‘zini tanishtirarkan, bo‘lgan voqeani qisqacha so‘zlab berdi. Bugun ertalabdan ishlari yurishib, shodlikdan sarmast yurgan Shomilning bir zumda ko‘ngli xira tortdi. Qani endi o‘sha birovning mashinasi eshigini buzadigan, xotirjamligiga rahna solib, ne mashaqqatlar bilan topgan molini olib ketaveradigan qallob yaramasni boplab ta'zirini bersa!

"Huquq" gazetasining yozishicha, bunga aslida hojat yo‘q edi, shundoq ham o‘g‘ri qonun oldida javob berdi. Davron Tolipov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan ayblanib, sud hukmi bilan javobgarlikka tortildi.

Top