11:35 / 30.09.2017
16270

Naqdlashtirib bermoqchi bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Asli xorazmlik Maqsad Allayorov begonalar bilan tez do‘stlashib, odamlar qalbiga yo‘l topa olardi. Mabodo u tadbirkor bo‘lganda, ijobiy natijalarga ega bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin Maqsad boshqa yo‘lni tanladi. U o‘zidagi ishontirish san'atini kimlarnidir aldashga, kimlarnidir chuv tushirishga sarfladi. Shuning uchun ham 26 yoshli yigit besh marta jinoyat sodir etishga ulgurdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Sud binosidagi ochiq sud majlisida uning plastik kartadagi pulni naqdlashtirib berishdagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 

Sudda ma'lum qilinishicha, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan M.Allayorov o‘tgan yilning iyul oyida internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali toshkentlik Sadoqat Daminova bilan tanishib qoladi. M.Allayorov unga o‘zini Shohrux deb tanishtiradi va plastik kartadagi mablag‘ni o‘n olti foizga naqd qilib berishi mumkinligini aytadi. Soxta va'daga ishongan S.Daminova o‘n to‘rt million so‘mi bo‘lgan plastik kartani “Shohrux”ga topshiradi.

Firibgar M.Allayoroq S.Daminovaning ishonchiga kirish uchun dastlab 4,5 million so‘m miqdordagi pulni naqdlashtirib beradi va ular birgalikda S.Daminovaning opasiga pulni vaqtincha omonat sifatida topshiradi. Biroq ertasi kuni M.Allayorov shoshilinch ravishda ushbu mablag‘ni unga qaytarib berib turishni, kartochkadagi pullarni to‘la naqdlashtirgach, hammasini butun qilib berishini aytadi. S.Daminovaning opasi singlisining ishonchli tanishiga hech ikkilanmay pulni tutqazadi. M.Allayorov esa barcha pulni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

Sudlanuvchi M.Allayorovning aybi surishtiruv jarayonida to‘plangan tushuntirish xatlari, yuzlashtirish bayonnomalari va boshqa obektiv dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.

Sud tomonidan M.Allayorovga tegishli jazo tayinlandi.

Yana bir holat. Xatolardan xulosa qilib yashash insonni yaxshilikka yetaklaydi, deyishadi. Lekin toshkentlik Abdushukur Nurmatov ilgari jinoyat sodir etganiga qaramay, xatolaridan xulosa chiqarmadi. Uning qing‘ir yo‘ldagi qadami navbatdagi jinoyatidan keyin to‘xtatildi.

Toshkent shahar, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan A.Nurmatov shu yil 6 iyul kuni tungi soat 03:00 atrofida Chilonzor tumani hududida “Neksiya” rusumli avtomashina eshigini buzib, qimmatbaho buyumlar izlayotganda avtomashina haydovchisi tomonidan tutib olindi.

Uning aybi jinoyat ishida to‘plangan jabrlanuvchilarning tushuntirish xatlari, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, ekspertiza xulosasi hamda ish materiallarida mavjud boshqa obektiv dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.

Sud A.Nurmatovni aybdor, deb topdi va uni bir yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

 

Top