09:10 / 01.10.2017
24057

«PSJ» murabbiyi penaltini kim tepishi masalasini hal qildi

«PSJ» bosh murabbiyi Unai Emeri jamoada penaltini kim ijro etishi bo‘yicha masalani hal qilgan. Bu haqda parijliklar klubi himoyachisi Tomas Mene Fransiya chempionatining 8-turida «Bordo»ga qarshi kechgan va 6:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan keyin aytib o‘tdi.

Fransiya chempionatining 6-turida «Lion»ga qarshi o‘yindan keyin jamoa hujumchilari Edinson Kavani va Neymar bu masalada tortishib qolishgandi.

«Murabbiy bu masalani hal qildi, ular penaltini navbatma-navbat tepadigan bo‘lishdi. Bugun Neymar penalti tepdi. Agar o‘yinda hakam yana bir marta 11 metrli nuqtani ko‘rsatganida, uni Kavani ijro etgan bo‘lardi», — deya Menening so‘zlarini keltirgan Mirror.

«Bordo»ga qarshi o‘yinda Neymar dubl qayd etdi, gollardan birini u penaltidan urdi, shuningdek Kavaniga golli pas berdi.

«Lion»ga qarshi o‘yinda Kavani jarima zarbasini tepmoqchi bo‘lganida Dani Alves undan to‘pni olib qo‘yib, Neymarga uzatgandi. Keyinroq braziliyalik futbolchi urugvaylik jamoadoshi penalti tepmoqchi bo‘lganida undan to‘pni so‘ragan, ammo u rad etilgandi.

Futbolchilar o‘rtasidagi bu nizoga klub prezidenti Nosir Al-Xelayfi ham aralashib, Kavani «PSJ»ning asosiy penaltichisi, Neymar – zaxiradagi penaltichi bo‘lishini aytgandi.

Top