20:15 / 02.10.2017
6888

Reuters: Eron Iroq Kurdistoni chegarasida zirhli texnika va artilleriya joylashtirdi

Eron Iroq Kurdistoni bilan chegaradosh g‘arbiy qismiga zirhli texnika va artilleriya joylashtirdi. Bu haqda Iroq Kurdistoni hukumati vakiliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Eronning Tasnim axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari 2 oktabrda Eronning g‘arbiy qismida piyoda askarlar, jumladan tezkor javob berish kuchlari, artilleriya, tankka qarshi qismlar va uchuvchisiz aviatsiya ishtirokida harbiy mashg‘ulotlarning 3-bosqichini boshlagan.    

Bu mashg‘ulotlarga Iroq armiyasi bo‘linmalari ham qo‘shilgan.

30 sentabrda Eron qurolli kuchlarining vakili, brigada generali Mas'ud Jazairiy ikki davlat qurolli kuchlari yaqin kunlarda Eronning Iroq bilan chegarasida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishlarini ma'lum qilgandi. Jazairiyning ta'kidlashicha, qo‘mondonlik tarkibining yig‘ilishida Eron Iroq yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi, Iroq Kurdistonining mustaqil bo‘lishi bo‘yicha referendumning noqonuniyligi hamda Iroq bilan chegarada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha choralar qabul qilinishi zarurligi aytilgan.

Top