23:35 / 02.10.2017
22331

Turkmaniston va Rossiya rahbarlari nimalarni kelishib oldi?

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Ashxobodga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa'y-harakatlari uchun tashakkur bildirdi, deb yozadi RIA Novosti.

RF prezidenti Vladimir Putin va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov suhbat chog‘ida. 2017 yil 2 oktabr.

Yuzma-yuz muzokaralar chog‘ida turkman yetakchisi Rossiya prezidentining ushbu tashrifi muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab, Turkmaniston va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgan bir paytda yuz berganini qayd etib o‘tdi.

Vladimir Putin kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar chog‘ida Rossiya va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar aylanmasi yaqin kunlar ichida yana tiklanishini ma'lum qilgan.

Jumladan, Putin shunday degan: «Afsuski o‘tgan yilda turli sabablarga ko‘ra mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi pasaydi. Lekin bizda bu tendensiyani yengib o‘tish uchun imkoniyatlar mavjud va umid qilamanki, yaqin kunlarda shunday bo‘ladi ham».

«Moskva va Ashxobod o‘rtasida turli sohalarda hamjihatlik qilish uchun butun bir mexanizmlar tizimi yaratilgan, bunda asosiy rol hukumatlararo komissiyaga tegishli. Bundan tashqari, tovar aylanmasi tizimini yaxshilash uchun 2018 yilgacha 80 ta turli tadbirlar va loyihalarni o‘zida mujassam etgan iqtisodiy hamkorlik dasturi yo‘naltirilgan», — dedi Rossiya prezidenti.

Rossiya va Turkmaniston prezidentlari ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik haqidagi shartnomani imzolashdi. O‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, ikki davlat yetakchilari o‘rtasida yana 14ta qo‘shma hujjat imzolandi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi, sanoat, migratsiya sohasi, narkotiklarga qarshi birgalikda kurashish, dengiz transport sohasida hukumatlararo bitim, sport, turizm va sog‘liqni saqlash sohasida bitim, shular jumlasidandir. Oryol shahri va Mari shahri o‘rtasida birodarlik munosabatlari haqida bitim imzolandi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra ikki davlat rahbarining qo‘shma bayonoti ham imzo chekilgan.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Vladimir Putinga «Hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun» ordenini taqdim etdi. Aytilishicha, ushbu orden Putinning tashrifi arafasida ta'sis etilgan va ilk bor Rossiya prezidentiga berildi.

O‘z navbatida, Rossiya yetakchisi Berdimuhammedovni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlagan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya Turkmanistonning betaraflik statusiga hurmat bilan qaraydi» va Ashxobodning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuqori baholaydi.

Top