11:09 / 02.10.2017
33544

Video: Pike sensatsion bayonot berdi

«Barselona» jamoasi himoyachisi Jyerar Pike siyosiy vaziyat shuni taqozo etsa, Ispaniya terma jamoasidan ketishga tayyor.

Ushbu 30 yoshli futbolchining vatani hisoblanadigan Kataloniyada 1 oktabr kuni Ispaniyadan alohida ajralib chiqish uchun referendum o‘tkazildi. Ispaniya hukumati bu referendumni qonuniy emas, deb topdi va politsiya hamda fuqarolik gvardiyasini saylov uchastkalarini yopishga yubordi. Natijada politsiyachilar va tinch aholi vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y berdi.

«Frankizm yillarida bizda o‘z fikrimizni aytish uchun imkon bo‘lmagan. Men katalonman,  kataloniyalikligimdan faxrlanaman. Bilaman, Ispaniya poytaxtida bizning demokratiya uchun intilishlarimizni qoralovchi kishilar topiladi.

Agar terma jamoa murabbiyi yoki futbol federatsiyadagi boshqa kimdir meni milliy terma jamoada muammolar tug‘dirishi mumkin deb hisoblasa, men ularga 2018 yilgi jahon chempionatidan oldin muammo tug‘dirmaslik uchun terma jamoadan ketishim mumkin», – degan Pike to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir vaqtida ko‘ziga yosh olib.

Ispaniya terma jamoasi murabbiyi hozirda Xulen Lopetegi hisoblanadi.

Mavzu
Kataloniyada mustaqillik referendumi

Ispaniyaning shimoliy-sharqiy hududida, Kataloniya avtonomiyasida, istiqomat qiluvchi aholi 1 oktabr katalonlarning mustaqillik masalasini hal etish uchun ko‘chaga chiqdi. Rasmiy Madrid ushbu harakatni yo‘qqa chiqarish maqsadida mahalliy politsiya kuchidan foydalanmoqda.

Barchasi
Top