17:00 / 03.10.2017
9125

Noqonuniy o‘qotar qurollarni ichki ishlar organlariga topshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Adliya vazirligi tomonidan Noqonuniy muomalada bo‘lgan o‘qotar qurol, uning o‘q-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga topshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Fuqarolar o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa, yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organiga murojaat qilishi kerak (yozma yoki og‘zaki ravishda, telefon orqali, o‘zga elektron vositalardan foydalangan holda). 

Agar fuqaro olis va o‘tish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashasa, shuningdek yoshi, sog‘lig‘i holati, oilaviy yoki o‘zga holatlar sababli ichki ishlar organiga borish imkoniga ega bo‘lmasa, o‘qotar qurolni bevosita profilaktika inspektoriga topshirishi mumkin. 

O‘q-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini bevosita fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlariga, o‘zga davlat organlari va tashkilotlarga, profilaktika inspektorlariga yoki boshqa ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda, murojaat qilgan fuqaro ularning aynan qayerda ekanligini (kvartira, uy, inshoot, transport vositasi) ma'lum qiladi. Ichki ishlar organining mutaxassisi joyga chiqib o‘q-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini xavfsiz olib ketilishini ta'minlaydi.

O‘q-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilinadi.

Top