14:40 / 04.10.2017
10913

Samarqandda virtual kutubxonalar ishga tushdi

Foto: facebook.com/libsamarkand.uz

Samarqanddagi avtobus va tramvay bekatlarida virtual kutubxonalar tashkil qilindi. Endi yo‘lovchilar o‘zining smartfoni orqali kitoblarni elektron ko‘rinishini yuklab olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-resurs markazining «Feysbuk»dagi sahifasida ma'lum qilingan.

Manbaga ko‘ra, Samarqandda «mobil kutubxona» loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, yo‘lovchilar avtobus va tramvay bekatlariga joylashtirilgan virtual kitob javonlaridagi kitoblarni QR-kod orqali bepul yuklab olishi va istalgan vaqtda mutolaa qilishi mumkin bo‘ladi.

Foto: facebook.com/libsamarkand.uz

Hozircha virtual katalogda faqatgina 200ta kitob mavjud. Ularning ichidan o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyondalari, rus adabiyoti va shuningdek Nika Vuychich, Paulo Koelo, Adam Jyekson, Jyul Vern, Joan Rouling, Sharlotta Bronte kabi jahon adabiyoti vakillari asarlari o‘rin olgan. Kelgusida bu adabiyotlar soni yanada oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari foydalanuvchilar kitoblarning audioyozuvli variantini ham yuklab olib, uni istalgan vaqtda tinglab ketishi imkoniyatga ega.

Foto: facebook.com/libsamarkand.uz

Hozircha bu kabi virtual kutubxonalar Samarqanddagi 20ta bekatga o‘rnatilgan. Jumladan mazkur virtual javonlar Kutubxona, Buyuk Ipak Yuli, Choy fabrikasi, Talabalar, Amir Temur va boshqa bekatlarda mavjud.

Top