21:40 / 04.10.2017
7606

Turkiya va Eron milliy valyutalarda hisob-kitob qilishga o‘tmoqchi

Foto:aa.com.tr

Anqara va Tehron ikki davlat iqtisodiy aloqalarida milliy valyutalarni qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilishdi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan birgalikdagi matbuot-anjumanida aytib o‘tdi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, valyutalar kursining Turkiya va Eron iqtisodiy munosabatlariga bosimini kamaytirish uchun yaqin haftalarda ikki davlat milliy banklari bu masala detallarini muhokama qilishadi. 

Bundan tashqari, turk banklari Eronda, Eron banklari esa Turkiyada shoxobchalarini ochishadi. Bu iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga imkon beradi.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Turkiya Eron bilan har tomonlama va faol hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Foto:aa.com.tr

Erdo‘g‘an ikki davlat 30 mlrd dollarlik tovar aylanmasiga chiqishni mo‘ljallayotganini eslatib o‘tdi.

"Afsuski, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 10 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Iqtisodiy hamkorlik mavzusi oliy darajadagi hamkorlik kengashi yig‘ilishidagi markaziysi bo‘ldi", deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Ikki davlat yetakchilari mintaqadagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tishdi. "Biz uchun birinchi navbatdagi masala Iroq muammosi hisoblanadi, biz bu muammo ustida uch tomonlama mexanizm doirasida ishlamoqdamiz", deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘an Iroq Kurdistonida o‘tgan referendumga ham to‘xtalib o‘tdi.  

Foto:aa.com.tr

"Iroqning Kurd mintaqaviy ma'muriyati referendum o‘tkazib nimaga erishmoqchi? Isroildan boshqa hech bir davlat uni tan olmaydi. "Mossad" bilan muhokamalardan keyin qabul qilingan qaror qonuniy bo‘la olmaydi va bunday hisoblanmaydi", deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.  

"Iroq Kurdistoni hukumati o‘zini yakkalanishga duchor qilmoqda. Eron va Turkiyaning bu masaladagi qat'iyligi aniq. Anqara va Tehron faqatgina Iroqning markaziy hukumati bilan muloqot olib boradi, Iroq shimolidagi referendum esa noqonuniydir", deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘an Suriyadagi vaziyat borasida uch tomonlama mexanizm amal qilishini eslatib o‘tdi. "Turkiya, Eron va Rossiya Ostonadagi jarayon orqali bu masalani hal qilishmoqda. Biz Suriyadagi janglardan holi hududlarga katta ahamiyat beramiz", deb  ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid
Top