12:20 / 05.10.2017
6589

Andijonda bir qator tashkilotlar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha YoXB tomonidan ogohlantirildi

Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmaslik yoki yengil-yelpi qarash korxona, tashkilot, muassasalar hamda aholi xonadonlarida qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Bunga asosiy sabab, yoqilg‘ini yetarli zaxira qilmaslik, isitish tarmoqlari va vositalari, mo‘rikonlarni sifatli ta'mirdan chiqarilmaslik, shuningdek, gaz va elektr tarmoqlarini nosoz va yaroqsiz bo‘lgan joylarini o‘z vaqtida yangilamaslikdir.

Bunday holatlar yong‘inlar kelib chiqishiga olib keladi va bir necha yillik mashaqqatli mehnat evaziga tiklangan uy-joylar, ishlab chiqarish va boshqa binolar kulini ko‘kka sovuradi. Eng achinarlisi, insonlar kuyib, tan jarohati olishi va hatto hayotdan bevaqt ko‘z yumishi ham mumkin.

Shu yilning 2 oktabr kuni Andijon tumanida istiqomat qiluvchi O.M. xonadonida elektr isitgich yoqib, nazoratsiz qoldirilishi oqibatida yong‘in kelib chiqib, yashash uyining 60 metr kvadrat shift va tom qismi yonib, zararlangan. O‘t o‘chiruvchilarning sa'y-harakatlari bilan uyning 140 kvadrat metr tom qismi saqlab qolingan.

O‘tgan yilda turli sabablar bilan sodir bo‘lgan yong‘inlar oqibatida 36 kishi kuyishdan tan jarohati olib, 10 nafari hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Yong‘inlarning oldini olishga jiddiy e'tibor qaratilmagani ana shunday ko‘ngilsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Tashkilot, muassasa va korxonalarda ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Soha xodimlari tomonidan o‘rganishlar davomida Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Andijon shahridagi teri-tanosil kasalliklari dispanseri, Andijon shahar XTMFMT va TE bo‘limi, Andijon shahridagi 40-umumta'lim maktabi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasiga qarashli Andijon shahrida joylashgan 2-mashiy xizmat kasb-hunar kolleji, politexnika kollejida bu borada yetarli darajada ishlar tashkil etilmaganligi aniqlandi.

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilib, fuqarolar ogohlikka chaqirilmoqda. Mavsum oldidan bu ishlar yanada rivojlantirilib, uchrashuvlar, davra suhbatlari, amaliy, taktik, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 sentabr kungi “Yong‘inlar profilaktikasi kunlarini o‘tkazish va yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi 688-son qarori asosida “Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda banner va plakatlar tayyorlanib, ularni aholi gavjum joylarga, jamoat transportlari, yo‘l bo‘ylariga o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Qayerda mavsumga yetarli tayyorgarlik ko‘rilmasa, nosoz va qo‘lbola yasalgan isitish jihozlaridan foydalanilsa, yong‘in xavfsizligi talablariga bee'tibor bo‘linsa, shu joyda yong‘in balosi xavf solib turadi.

Ulug‘bek Qosimov,

Andijon viloyati IIB YoXB

katta muhandisi, kapitan.

Top