22:30 / 05.10.2017
11817

Tom Kruz "Uddalab bo‘lmas topshiriq" filmining suratga olish maydonchasiga qaytdi

Foto: AFP

Taniqli aktyor Tom Kruz "Uddalab bo‘lmas topshiriq 6" filmining suratga olish maydonchasiga qaytdi. Bu haqda Daily Mail nashri muxbirlari tomondan olingan suratlar guvohlik bermoqda. Ular uzoq masofadan aktyorning sahnalardan biridagi ishtirokini "ko‘rishga" muvaffaq bo‘lishgan. 

2017 yil avgustda aktyor ushbu filmni suratga olish vaqtidagi tryuklardan birini amalga oshirayotganda jarohat olgandi. Sahnalardan birida Kruz Londonning markaziy qismidagi bir binodan ikkinchisiga sakrashi kerak bo‘lgan. Biroq u sakrashda biroz xatolikka yo‘l qo‘yib, qarama-qarshi binoning tomiga tushmay, uning devoriga borib urilgan. Aktyor tibbiy ko‘rikdan o‘tganda unda to‘piq suyagining ikkita suyagi singani aniqlangan. 

Shu tariqa, aktyor kasalxona koykasida xayallamay, ishga iloji boricha tezroq qaytish va'dasi ustidan chiqdi.

Ta'kidlash joizki, aktyor filmlaridagi tryuklarni o‘zi mustaqil bajarishga harakat qiladi. Faqatgina eng qaltis vaziyatlardagina buni kaskadyorlarga ishonib topshiradi.

Kruzdan tashqari, mashhur filmning 6-qismida Rebekka Fergyuson, Genri Kavill, Alek Bolduin, Vanessa Kirbi, Saymon Pegg, Sian Bruk va boshqa aktyorlar suratga tushgan. Film 2018 yil 26 iyulda ekranlarga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top