16:20 / 06.10.2017
19715

Yo‘lovchilardan biri temiryo‘l kesishmasida ogohlantirish belgilari bo‘lmaganini aytdi

Foto: RBK

Vladimir viloyati Petushinskiy tumanidagi temiryo‘l kesishmasidagi Pokrov bekati navbatchi avtobus haydovchisini poyezd yaqinlashayotgani haqida xabardor qilmagandi. Bu haqda Vladimir viloyati gubernatori Svetlana Orlovaga to‘qnashuvdan omon qolgan yo‘lovchilardan biri xabar qilgan.

«Temir yo‘l xizmatchisi hech qanday belgi o‘rnatmagandi. Hech kim avtobus poyezd yo‘liga tushib qolganidan ogohlantirmadi. Navbatchi to‘qnashuv ro‘y berganidan keyingina o‘z xonasidan chiqdi», degan yo‘lovchilardan biri.

Avtobus kesishma ustida o‘chib qolgan. Poyezd mashinisti yo‘ldagi avtobusni ko‘rgach, favqulodda to‘xtashni qo‘llashga uringan, ammo sostavni to‘xtata olmagan. O‘rtadagi masofa qisqalik qilgan, soatiga 90 km tezlikda harakatlangan poyezd to‘xtashi uchun 746 m masofani o‘tish kerak edi, ammo mashinist tormozni bosganida o‘rtadagi masofa 400 metrni tashkil etardi.

Halokatga uchragan avtobusda 58 kishi bo‘lgan, shundan 56 nafari O‘zbekiston fuqarolari. To‘qnashuv oqibatida, so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgan, shundan 19 nafari o‘zbekistonlik. Shuningdek, yana ikki bola og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Avtobusdan chiqishga ulgurganlar omon qolgan.

Ushbu hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Jinoyat ishi Rossiya Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi («temiryo‘l, havo, dengiz va ichki suv transporti va metropoliten harakati xavfsizligi va undan foydalanish qoidalarini buzish») alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda bo‘yicha ayblanuvchilar uzog‘i bilan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mavzu
Vladimirdagi fojia

Rossiyaning Vladimir viloyatida yo‘lovchi poyezdi avtobusni urib ketdi. Avtobusda o‘zbekistonlik ishchilar bo‘lgan.

Barchasi
Mavzuga oid
Top