10:20 / 06.10.2017
13550

O‘zFA vitse-prezidenti: Bugungi kunda ilg‘or davlatlarda hasharot yemaydigan paxta yetishtirilmoqda

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligida Har qanday yangilik ilm-fan yutuqlari asosida joriy etilsa samaraliroq bo‘ladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirishda olimlar ishtirokini kengaytirish masalasi ham Oliy Majlis Senatining 4 oktabrda bo‘lib o‘tgan 12-yalpi majlisi e'tiboridan chetda qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Ibrohim Abdurahmonov shu mavzuda ma'ruza qildi. 

“Ilgarilari qishloq xo‘jaligida kam mablag‘ sarflab aholining bandligini ta'minlab berish asosiy vazifa sifatida qaralardi. Ammo bu bugungi kun talablariga mos kelmaydi, endilikda, asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirib, kam mehnatli tizimga o‘tkazishdir. Bunda zamonaviy texnologiyalar, innovatsiya, fan, AKT tizimlarini qo‘llash, ya'ni boshqa fanlardagi yutuqlarni qishloq xo‘jaligiga joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. 

Hammamiz yaxshi bilamiz, global iqlim o‘zgarib ketmoqda, yangi, ilgari uxlab yotgan  kasalliklar, zararkundalar paydo bo‘lmoqda. Hasharotlar tezroq ekinlarga hujum qilishi oqibatida hosilni yo‘qotib qo‘yish kabi katta muammolarga duch kelinmoqda”, dedi Abdurahmonov va senatorlar e'tiborini iqlim o‘zgarishlaridan kelib chiqayotgan muammolariga qaratdi.  

Uning ta'kidlashicha, bu muammoni hal etishda ham AKT qishloq xo‘jaligiga keng joriy qilish yaxshi samara berishi mumkin. Xususan, jahon tajribasidan kelib chiqilsa, Daniyada dehqonlarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishi 80 foiizni, Finlandiyada 70 foizni tashkil etadi. Buyuk Britaniyada 75 foiz, Niderlandiyada 50 foizdan yuqori. 

Olimning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda xorijiy mamlakatlar qishloq xo‘jaligida genetika sohasidagi yangiliklar keng qo‘llanilmoqda. Genlari o‘zgartirilgan ekinlar yetishtirilmoqda. Hasharot yemaydigan g‘o‘za yoki sholi ekilishi natijasida mehnati kamayadi, pestitsidlar sepilmaydi, kam xarajat bo‘ladi. Gerbitsidlarga chidamli ekinlar esa, yovvoyi o‘tga qarshi kimyoviy dorilarni faol qo‘llash imkonini beradi. Chopilmasdan begona o‘tdan qutiladi.   

“Bundan tashqari, Braziliyada yetishtirilayotgan texnologiya bo‘yicha paxta yer namligiga bog‘liq ravishda sug‘orish vaqti kelganida rangi o‘zgaradi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning yana bir yo‘nalishi vertikal hosil yetishtirish. Bunda hosildorlik va uning ortidan samaradorlik yuqori bo‘ladi. Samaradorlik yuqori bo‘lgan joyda mehnatni kamaytirishga erishiladi”, - dedi O‘zFA vitse-prezidenti. 

Ibrohim Abdurahmonov, shuningdek o‘z ma'ruzasida urug‘chilik muammolariga ham to‘xtalib o‘tdi. 

Uning aytishicha, “qishloq xo‘jaligiga mas'ul idoralar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligini personallashtirish, ya'ni qayerda qanday ekin ekiladi, qanday ishlov beriladi, qancha sug‘oriladi, degan masalalarni hal etib olish kerak. Buning uchun eng avvalo, urug‘chilikni hal etish kerak. Bu strategik vazifa. Urug‘ bo‘lmas ekan, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirib bo‘lmaydi, hosildorlikni ko‘paytirib bo‘lmaydi. Shuning uchun bunga katta e'tibor berish kerak. Genlarni to‘liq o‘rganib chiqib, seleksiyani ham tubdan o‘zgartirish kerak. Yangi navlar olib kirilmasa, iqlim o‘zgarishi sharoitida yaqin 10-20 yilda bu borada jiddiy natijalarga erishish mushkul bo‘ladi”.

Top