14:47 / 07.10.2017
18954

Rasman: AQSh Oyga qaytmoqda

Foto: NASA

O‘tgan oy oxirida NASA agentligi AQSh hukumati shunday vazifa qo‘ysa, o‘z faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirib, Mars dasturidan voz kechishi va Oyni o‘zlashtirish dasturini o‘rganishini bildirgan edi. Ko‘rinishidan agentlik haqiqatdan ham shunday qilishiga to‘g‘ri keladi. AQSh hukumati insonni Oyga qaytarish dasturini tiklashini e'lon qildi.
 
4 oktabr kuni The Wall Street Journal gazetasida AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens bayonoti chop etildi. Unda Milliy fazoviy kengashni tiklash va ushbu tashkilotga o‘z rahbarlik qilishi haqida so‘z boradi. 

Pensning uqdirishicha, kengash so‘nggi chorak asrdagi ilk majlisini o‘tkazadi. “Unda men bitta murojaat qilaman: Amerika fazoni tadqiq qilishning yetakchisi bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qilgan Pens. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Amerika davlat fazo dasturida aniq maqsad bo‘lmagani sababli, AQSh emas, balki Xitoy va Rossiya bu sohaning yetakchilaridir. 

Vitse-prezident, shuningdek, AQSh o‘zining fazoviy texnologiyalariga juda ham muhtoj ekanini aytgan. Bular mamlakatning kommunikatsiya, navigatsiya va kuzatuv tizimlarini xakerlik hujumlaridan himoya qilish uchun zarardir. 

Yangi davlat fazo dasturi, umuman olganda, inson tadqiqotlariga borib taqaladi. Ammo, Pensning fikricha, Oy va u yerda insonlar yashaydigan doimiy qo‘rg‘onlarning paydo bo‘lishi birinchi galda erishish lozim bo‘lgan strategik maqsaddir. 

Ta'kidlash joiz, boshqa ko‘zga ko‘ringan arboblar ham Oy masalasida shunday fikrda. Masalan, iste'fodagi astronavt Kris Xedfild shu yilning avgust oyida bergan intervyusida insoniyat Oyda qarorgoh tashkil etishga qaytishi kerakligini birinchi muhim qadam deb aytgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad bunga qodirlikni namoyish etish bo‘lmasligi kerak. Chunki Oy kelgusi fazoviy safarlar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin.

Albatta, AQShning orzu-istaklari Oyda to‘xtab qolmaydi. Vitse-prezident Pens so‘zlaridan anglash mumkinki, Amerika insonni Marsga yuborgan ilk mamlakat bo‘lish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Biroq bu kabi safarlar ilmiy-tadqiqot mohiyatidan ko‘ra, tijoriy maqsadlarga ega. 

To‘g‘ri, AQSh vitse-prezidenti ekspertlar guruhiga kimlar kirishiga batafsil to‘xtalganicha yo‘q. Ammo birinchi galda yodga keladiganlar Ilon Mask (SpaceX rahbari) va Jyeff Bezos (Blue Origin rahbari)dir. Mask yaqinda 2024 yilda insonlarni Marsga yetkazish rejalari bilan tanishtirdi. Bezos esa, kelasi yildanoq suborbital pavozlarni amalga oshirishini bildirdi.

Top