21:50 / 08.10.2017
27421

O‘zbekistonlik qorilar Saudiya va Moskvadagi Xalqaro Qur'oni Karim musobaqalarida!

Foto: muslim.uz

7-11 oktabr kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Makkai Mukarrama shahrida XXXIX  Xalqaro Qur'oni Karim musobaqasi o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, 7 – 9  oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida XVIII Xalqaro Qur'oni karim musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqida Muslim.uz saytida xabar berildi. 

2 oktabr kuni O‘zbekiston vakillari - Toshkent Islom instituti bitiruvchisi Saydulloh qori Tohirov hamda “Ko‘kaldosh” o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi Abdulbasir qori Kamolov Saudiya Arabistonidagi XXXIX  Xalqaro Qur'oni Karim musobaqasida ishtirok etish uchun jo‘nab ketishdi. 

Mazkur musobaqada 50dan ortiq davlatning 200ga yaqin qorilari ishtirok etmoqda. Musobaqa shartlari quyidagilardan iborat:

1.  Qur'oni Karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qib berishi bilan birga Qur'oni Karimdagi oyati karimalarning tafsirini bilish;
2.  Qur'on Karimning 30 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish;
3.  Qur'on Karimning 15 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish;
4.  Qur'on Karimning 5 porasini tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qib berish.

O‘zbekiston vakillari musobaqaning 2 va 3 shartlari bo‘yicha ishtirok etadi.

Foto: muslim.uz
Foto: muslim.uz

Bundan tashqari, 7 – 9  oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida XVIII Xalqaro Qur'oni Karim musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Har yili dunyoning Sharq va G‘arb mamlakatlari vakillari ushbu musobaqada ishtirok etib kelmoqda.  Hozirda mazkur musobaqada qatnashish uchun 32 mamlakat  vakillari tashrif buyurishdi. 

Quvonarli jihati shundaki, ushbu musobaqada yurtimiz vakili  Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi “Hazrati Umar” jome' masjidi imom noibi Azimboyev Valixon qori ham qatnashadi.  Vakilimizning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada o‘tkaziladigan XVIII Xalqaro Qur'oni Karim musobaqasi shartlari Qur'oni Karimni tajvid qoidasi bilan o‘qish va uni chiroyli talaffuz qilishdan iborat. 

Qorilarimizga mazkur xalqaro nufuzli musobaqalarda oliy o‘rinlarni egallashini Allohdan so‘rab qolamiz!

Top