15:30 / 08.10.2017
16303

OAV: Turkiya harbiylari Suriyaga kirdi

Turklarning harbiy avtomobillari Suriyaning Idlib viloyatiga kirdi. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga asoslangan holda xabar tarqatdi. Agentlik manbasi turkiyalik harbiylarni tashiyotgan bir necha mashinani ko‘rgani haqida aytib bergan.

Bundan oldinroq Turkiya harbiylari chegara hududida «Tahrir ash-Shom» tashkiloti jangarilari bilan to‘qnashgani haqida xabarlar berilgandi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rasmiy Anqara Idlibdagi xavfsizlikni ta'minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi haqida ma'lum qilgandi.

«Turkiya suriyaliklar Halabdan Idlibga qochib o‘tishini e'tiborsiz qoldira olmaydi. Biz ularni taqdir hukmiga tashlab qo‘ya olmaymiz va ularga yordam qo‘lini cho‘zamiz. Bu yo‘nalishda zarur qadamlar tashlandi»,— degandi Turkiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, may oyida o‘tkazilgan Ostona  sammitida Suriyada 4ta deeskalatsiya hududi tashkil etish rejalashtirilgan — Idlib viloyatida, sharqiy Gutada, Homs va Der'a tumanlarida. Sentyabr oyi oxirida Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi «Amerika maxsus xizmatlari»ni Idlib viloyati hududidagi «Jyebhat an-Nusra» tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda ayblagandi.

Mavzu
Suriyadagi urush
Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatni bir necha qismlarga bo‘lib tashlagan. Suriya hukumati, IShID, kurdlar va boshqa turli jangari guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda.
Barchasi
Top