13:55 / 09.10.2017
47777

Yo hayot yo mamot! Hal qiluvchi bahslar ostonasida

JCh-2018 saralash o‘yinlari ham o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda. Ba'zi guruhlarda hammasi hal bo‘lib, faqat noyabr oyidagi pley-offlar haqida o‘ylayotgan bo‘lishsa, ba'zi guruhlarda hayot qaynayapti. Ayniqsa, yo‘llanma masalasini o‘zaro o‘yinlarda hal qilayotgan raqiblar borki, Tribuna.uz ularga alohida e'tibor qaratishni lozim topdi. 

PORTUGALIYa – ShVeYTsARIYa (10 oktabr, 23:45)

Guruhdagi boshqa jamoalar bilan yuz foizlik natija ko‘rsatib kelayotgan bu ikki jamoa barcha masalani o‘zaro o‘yinda hal etishadi. Ya'nikim, Krishtianu Ronalduning ahvoli aslida Messinikidan yaxshiroq emas. Mezbonlar bu o‘yinda g‘alaba qozonishlari shart, shu holdagina Yevropa chempionlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial ishtirokchisiga aylanishlari mumkin. Aks holda Portugaliya pley-offda to‘p suradi: u yerda raqib Italiya ham, Shvetsiya, yoki Xorvatiya ham bo‘lishi mumkin.  

UKRAINA – XORVATIYa (9 oktabr, 23:45)

Turklar o‘z maydonlarida islandlarga imkoniyatni boy berib, kurashdan chiqdi va guruhdagi chigal vaziyat yechildi. Yechilgani shundaki, Islandiya terma jamoasi o‘z maydonida guruh autsayderi Kosovoni yengsa tamom, guruh g‘olibiga aylanadi.

2-o‘rin masalasi esa, Ukraina va Xorvatiya o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvda aniqlanadi. Hozirda har ikki jamoa ham teng ochko to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni olib pley-offda qatnashish uchun ham ikki jamoaga faqat g‘alaba kerak bo‘ladi.  

EKVADOR – ARGeNTINA (11 oktabr, 04:30)

Argentina guruhda 6-o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa-da, mundial yo‘llanmasi hamon o‘z qo‘lida qolmoqda. Messi va uning sheriklari Ekvadorda g‘alaba qozonishsa, o‘zaro to‘qnash keladigan Peru va Kolumbiyadan kamida bittasini ortda qoldirib, kamida 5-o‘ringa ko‘tarilishi va hech bo‘lmasa, pley-off orqali JCh ga borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Lekin oson bo‘larmikin? Ekvador maydonida Urugvay va Chili kabi terma jamoalar ham bir ochko olishning uddasidan chiqa olishmagan. Shuningdek, bu jamoalarning Argentinadagi o‘yinida ekvadorliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Endi bu faktlarga Argentinaning muammolarini qo‘shing — jamoa 2017 yilda atigi 2 marta raqib darvozasiga gol urdi — biri penaltidan, ikkinchisi avtogol. Argentina safar o‘yinlarida oxirgi marta 2016 yilning mart oyida g‘alabaga erishgandi, shundan buyon mehmondagi 6 o‘yinda jamoa g‘alaba qozona olmayapti. 

PeRU – KOLUMBIYa (11 oktabr, 04:30)

2017 yilni Peru ajoyib shaklda o‘tkazdi, Urugvay, Ekvador kabi terma jamoalar ustidan g‘alabaga erishildi, Argentinada durang o‘ynaldi. Mukofoti mana — peruliklar o‘z maydonlarida Kolumbiya ustidan g‘alaba qozonishsa, eng kamida 5-o‘rin naqd bo‘ladi. Hatto to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun ham yaxshigina imkoniyat bor. 

Kolumbiya terma jamoasi judayam qiynalib ketsa, durangga rozi bo‘lishi mumkin. Bu holatda kolumbiyaliklar faqat Argentinani oldinga o‘tkazib yuborib, 5-o‘ringa tushib qolishlari mumkin xolos. So‘nggi turda Paragvay ham Kolumbiyani  quvib o‘tishi uchun 7 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonish kerak-ki, bunga ishonish qiyin. 

Hamma ham jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borgisi keladi, demak, bizni har ikki raqibni ham faqat g‘alaba qoniqtiradigan ajoyib kurash kutib turibdi.  

UELS – IRLANDIYa (9 oktabr, 23:45)

Xuddi Ukrainadagi vaziyatga o‘xshash, ammo yanayam qiziqroq bo‘lishi mumkin. Bu yerda maydon egalarini durang ham qoniqtiradi. Ammo bu yer britan derbisi, bu yerda maydon egalari degan ibora ham ortiqcha bo‘lsa kerak. 

Serblarning so‘nggi turda Gruziyani qabul qilishlarini e'tiborga olsak, bu jamoalar ko‘proq ikkinchi o‘rin masalasini hal qilish haqida o‘ylayotgan bo‘lishlari tabiiy. Bu jamoalarning mart oyidagi o‘yinida hisob ochilmagandi.

AVSTRALIYa – SURIYa (10 oktabr, 14:00)

Qaniydi, Suriya terma jamoasi mundialga chiqsa-yu, biz futbol mutasaddilarimizning jahon chempionatiga borish oson emas, bu uchun u kerak, bu kerak degan baxonalaridan qutulsak. Axir Suriya hali ham chempionatga borish uchun imkoniyatga ega bo‘lib turibdi, dastlabki uchrashuv Avstraliya bilan ham teng o‘ynash mumkin ekanini o‘zlari uchun ham isbotlashdi, masalan.

Suriya qaysidir ma'noda o‘tgan saralashdagi Iordaniyani yodga solmoqda. Iordaniyaliklar o‘shanda o‘z maydonlarida O‘zbekiston bilan xuddi shunday 1:1 o‘ynab, javob o‘yinida kerakli natijaga erishgandilar. Farqi, bu safar Rossiyaga borish uchun realroq imkoniyat bor, chunki keyingi pley-offda raqib Urugvay emas, Shimoliy Amerika vakili bo‘ladi. Ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Hamma bilan o‘ynasa bo‘ladi. Buni Suriya isbotlashda davom etmoqda.

AFRIKADA NIMA GAPLAR?

Afrika mintaqasi uchun 5 o‘rin berilgan va u yerdagi saralashning final bosqichi 5 guruhda bo‘lib o‘tmoqda. Demak, Afrika jamoalari pley-offda o‘ynashmaydi — ular uchun oktabrdagi o‘yinlar o‘z nihoyasiga yetdi. Noyabrda bo‘ladigan so‘nggi tur oldidan, Nigeriya va Misr terma jamoasi mundial yo‘llanmasini naqd qildi. Tunis terma jamoasida ham yaxshi imkoniyatga ega. Faqat ikki guruhda vaziyat hal bo‘lgani yo‘q va e'tiboringizni aynan shu o‘yinlarga qaratamiz:

KOT D'IVUAR – MAROKASh (6 noyabr)

Kot D'ivuarning kutilmagan durangidan so‘ng, Afrika mintaqasi V guruhida ham juda qiziq vaziyat yuzaga keldi. Marokashliklar g‘alaba qozonib, guruh peshqadamiga aylanib olishdi. Rossiyaga borish uchun endi, mezbonlar Marokashni yengishlari kerak bo‘ladi.

Marokash terma jamoasining bu guruh bosqichida hali biror marta mag‘lubiyatga uchrash tugul, gol ham o‘tkazib yubormaganini e'tiborga olsak, bu oson bo‘lmasligi aniq. Marokash o‘tgan 5 uchrashuvning 3 tasida 0:0 hisobida durang o‘ynagan — bu hisob bu safar ham ularni juda qoniqtiradi. 

SeNeGAL – JAR (6-10 noyabr)
Hozirda bu jamoalar guruhda birinchi va so‘nggi pog‘onalarni egallab turgan bo‘lishsa-da, mundial yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibga aylanishgan. Sababi, bu jamoalar ikki marta o‘zaro o‘yin o‘tkazadilar. Senegal 8 ochko bilan guruh peshqadami, JAR da esa, 4 ochko bor. Demak janubliklar mana shu ikki o‘yinda g‘alaba qozona olishsa, ochkolari sonini 10 taga yetkazib guruh g‘olibi bo‘lib oladilar.

Demak Senegal bu o‘yinlardan birida g‘alaba qozonish yoki ikki o‘yinda ham durang o‘ynash orqali final bosqichidan joyni kafolatlashi mumkin.

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Top