08:45 / 09.10.2017
10492

Gollivudning bosh prodyuserlaridan biri o‘z kinokompaniyasidan "quvildi"

Foto: washingtonexaminer.com

Gollivudning bosh prodyuserlaridan biri, "Oskar" mukofoti sovrindori Xarvi Vaynshteyn akasi Bob bilan tashkil etgan The Weinstein Company kinokompaniyasidan bo‘shatib yuborildi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.    

Bunday qaror The Weinstein Company direktorlar kengashi tomondan prodyuser ayollarga tegajog‘liq qilishda ayblangandan keyin qabul qilindi.

"Oxirgi kunlarda Xarvi Vaynshteynning o‘zini noo‘rin tutishi haqidagi yangi ma'lumotlar berilgani sababli direktorlar kengashi Vaynshteyn shu lahzadan bo‘shatilganini ma'lum qiladi", deb aytilgan kompaniya bayonotida.

Avvalroq The New York Times gazetasi bir qator ayollar, jumladan aktrisa Eshli Jadd va The Weinstein Co. xodimalari prodyuserning o‘zini nomaqbul tutishi haqida ma'lum qilishgan maqolani chop etgandi. Vaynshteyn yuristi o‘z mijozi haqida yolg‘on ma'lumot berilganini aytgan. Biroq maqoladan keyin prodyuser uzr keltirib, ta'tilga ketgan.

Vaynshteyn "Oshiq Shekspir", "Chikago", "Ingliz bemori" kabi filmlar va "Uzuklar hukmdori" trilogiyasiga prodyuserlik qilgan.

Mavzuga oid
Top