23:54 / 09.10.2017
21248

Nursulton Nazarboyevga lotin grafikasiga asoslangan yangi qozoq alifbosi namoyish qilindi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qozoq alifbosining lotin grafikasiga o‘tishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.  

FOTO: AKORDA

Yig‘ilish davomida Nazarboyevga lotin garfikasiga asoslangan qozoq alifbosining yagona standarti loyihasi taqdim qilindi. Bu loyiha jamoatchilik bilan muhokamalar davomida tushgan takliflarni hisobga olgan holda tayyorlangan. 

Nazarboyev davlat tili islohoti jamiyat ongini modernizatsiya qilish dasturining muhim masalalaridan biri ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

FOTO: AKORDA

"Dunyoda biror davlat o‘zining yangi alifbosini butun xalq bilan bizdek muhokama qilmagan. Bizga har bir kishining fikrini bilish muhimdir. Prezident ma'muriyatiga lotin grafikasiga o‘tish bilan bog‘liq 300 dan ko‘proq murojaat kelib tushdi. Quvonarlisi, yoshlar ham bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashdi", deb aytdi Nazarboyev.  

Uchrashuv davomida ushbu masala bo‘yicha olib borilgan ish natijalari haqida hisobot berildi.

Nazarboyev hisobot va ishtirokchilar fikrini tinglab, alohida e'tiborni talab qiluvchi ba'zi masalalarga to‘xtalib o‘tgan.

Qozog‘iston prezidenti ushbu islohot boshqa tillar rivojlanishiga ziyon yetkazmasligi va fuqarolar huquqlarini buzmasligi lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

FOTO: AKORDA

"Qozoq tilining lotinchaga o‘tishi rusiyzabon fuqarolar, rus tili va boshqa tillar huquqlariga ta'sir qilmasligi kerak. Rus tilining qo‘llanishi o‘zgarishsiz qoladi. U amal qilishda davom etadi. Yangi alifboga o‘tish qozoq tilini o‘rganishni yengillashtiradi", deb aytgan Nazarboyev. 

Nazarboyev lotinchaga o‘tish murakkab jarayon ekanligi va uning maqsadi qozoq tilining yanada rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish va uni jahon axborot maydoniga kiritishdan iboratligini aytdi.

FOTO: AKORDA

Bundan tashqari, Nazarboyev yangi alifboni ta'lim tizimiga joriy qilish bo‘yicha o‘qituvchilarni va metodik bazani tayyorlash  zarurligini aytib o‘tdi va hukumatga uning bosqichma-bosqich kiritilishi rejasini tayyorlashni topshirdi.

Uchrashuv so‘nggida Qozog‘iston prezidenti barcha qozog‘istonliklar, olimlar va tilshunoslarga qozoq alifbosi islohotlarini qo‘llab-quvvatlaganlari va uni amalga oshirishda faol ishtirok etganliklari uchun minnatdorlik bildirdi. 

Top