13:50 / 09.10.2017
8400

Pochta orqali qorako‘l terisi, gilza va narkotik moddalar jo‘natilishi oldi olindi

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Boshpochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bergan.

Xususan, poytaxtda istiqomat qiluvchi B.D. nomiga Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan pochta jo‘natmasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, ov qurollari uchun mo‘ljallangan salkam 9 kg. og‘irlikdagi 1250 dona bo‘sh gilzalar yuborilganligi aniqlandi. Oradan 10 kun o‘tmay xuddi shu manzildan pochta jo‘natmasi orqali yana ushbu fuqaroga 9 kg.dan ortiq og‘irlikdagi 1300 dona bo‘sh gilzalar yuborilgan.

Shuningdek, ushbu postda pochta jo‘natmasi orqali giyohvandlik vositalarini jo‘natish holati ham fosh qilindi. Gollandiyadan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Q.Q. nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasini ko‘zdan kechirish davomida bojxonachilar ushbu jo‘natmada 10 gr.ga yaqin marixuana va gashish narkotik moddalari yuborilganligi aniqlandi.

Amaldagi tartiblarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish taqiqlangan.

Xalqaro pochta ittifoqi a'zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasida ham Xalqaro pochta Konventsiyasi talablariga muvofiq, jo‘natilayotgan pochta jo‘natmalari bo‘yicha CN 22 yoki CN 23 shaklidagi bojxona deklaratsiyalari to‘ldiriladi va unda jo‘natmada yuborilayotgan barcha tovarlarning nomlari qayd qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Ammo, ayrim shaxslarning tovarlarni noto‘g‘ri deklaratsiyalash, ya'ni tovarlar haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar berishga uringani fosh bo‘ldi.

Jumladan, Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi A.N. Rossiya Federatsiyasiga yuborayotgan pochta jo‘natmasidagi tovarlarni deklaratsiyada ayollar kurtkasi deb qayd etadi. Ammo, pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda kurtka o‘rniga qiymati 4,8 mln. so‘mlik 24 dona qorako‘l terilari yuborilganligi fosh bo‘ldi.

Xuddi shunday yana bir holatda esa buxorolik N.S. Ukrainaga qiymati 11 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 56 dona qorako‘l terilarini deklaratsiyada go‘yoki erkaklar kurtkasi sifatida ko‘rsatib, jo‘natmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi U.A. esa qorako‘l terilarini pochta orqali noqonuniy ravishda olib chiqishning g‘ayroddiy usulini “kashf” qildi. Deklaratsiyaga muvofiq, ushbu shaxs tomonidan pochta jo‘natmasida Rossiyaga ko‘rpa yuborilayotgan edi. Ammo, ko‘rpa astari orasiga paxta qavish o‘rniga, qiymati 6 mln. so‘mlik 30 dona qorako‘l terilari joylashtirilgan ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Joriy yilning sakkiz oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlangan 130 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 1 mlrd. 361 mln so‘m bo‘lgan tovar moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Top