23:53 / 09.10.2017
31143

Tillaga tikilgan sha'n

Foto: D

Faylasuflardan birining ta'kidlashicha, “turmush tashvishlari kishini turli qiyinchiliklarga ro‘baro‘ qilishi mumkin, ammo bu sha'ndan, insoniy fazilatlardan yuz burishga asos bo‘la olmaydi.”

Chunki, inson sha'ni hamisha muqaddas va eng nozik tuyg‘u hisoblanadi. Unga bir bora dog‘ tushdi-mi, bas, butun umrni harjlab ham bu dog‘ni ketkazib bo‘lmaydi.

“Qahramon”imiz Iroda Qurbonova (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham o‘z nafsi yo‘liga sha'nini tikdi. U tanlagan yo‘l harchand qing‘irlik va ustomonlikni qo‘llamasin baribir boshi berk ko‘cha ekanligini negadir tan olgisi kelmadi. Uni ko‘proq qing‘ir rejasi naf bersa, egri yo‘l bilan orttirgan boyligini nelarga sarflash haqidagi “shirin” xayollar ongu shuurini zabt etgan edi. 

Uning ne istakda Turkiyaga yo‘l olgani bizga ayon emas-u, ammo o‘z yurtiga qay maqsadda qaytgani poytaxt aeroportida bir zumda fosh bo‘ldi.

Istanbuldan havo ko‘tarilgan uchoq tushga yaqin Toshkentga qo‘ndi. Samolyot bortidagi yo‘lovchilar birin-ketin bojxona nazoratidan o‘ta boshlashdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Ular orasidagi Iroda esa negadir tinimsiz bezovtalanardi. Qo‘lidagi ayollar kurtkasini bir qarasang egniga kiyar, sal o‘tmay isib ketganidan-mi, yana yechib qo‘liga olar. Xullas, borgan sayin toqatsizlanardi. 

Nihoyat bojxona o‘tish yo‘lagidagi navbat tugab, uning gali keldi. Iroda bagajlari ortilgan aravani surgancha, nazorat-rentgen apparati yoniga keldi. Apparatning harakatlanuvchan lentasiga birin ketin bagajlarini qo‘ya boshladi. Xalaqit berdi chog‘i, qo‘lidagi kurtkasini arava tutqichiga ilib qo‘ydi. So‘ngra yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va pasportini bojxona xodimiga uzatdi.

Hujjatlar bilan tanishar ekan, bojxona xodimi odatdagi savoli bilan murojaat qildi.

-  Yoningizda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan yoki olib o‘tish ta'qiqlangan tovarlar yo‘qmi?

Iroda shosha-pisha “yo‘q” deb javob qaytardi. Bagajlarning nazorat-rentgen apparati ekranidagi tasviri “toza” chiqdi. Bojxona xodimi Irodaning ko‘ziga sinchkovlik bilan tikilar ekan, ayol undan nigohini olib qochdi. Ha, nimasidir shubhali edi uning.

Shu payt bojxona xodimining bagaj tutqichiga ilingan kurtkaga ko‘zi tushdi. Avvaliga xayron qoldi, issiq kunlarda kurtkaga nima hojat bor? Keyin esa yashin tezligida birdan tushunib yetdi.

-  Kurtkangizni nega nazorat-rentgen apparatiga qo‘ymadingiz? Qani qo‘ying-chi? 

Irodaning ustidan bir chelak muzdek suv qo‘yilgandek bo‘ldi. Ha, hammasi bir zumda barbod bo‘ldi. Qo‘llari bo‘shashgancha, kurtkasini apparat lentasi ustiga qo‘ydi. Ekranda esa shubhali tasvirlar birin ketin aks eta boshladi. Xalat cho‘ntaklarida nimadir borligi yaqqol ko‘rinib turardi. 

Buyog‘i odatdagidek davom etdi. Bir zumda xolislar chaqirildi. Kurtka ularning ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning cho‘ntaklariga bir nechta polietilen o‘ramlar joylangani aniqlandi.

O‘ramlar ochib ko‘rilganda esa, Iroda Qurbonova tomonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan, umumiy og‘irligi 2,5 kg.dan ortiq bo‘lgan tilla taqinchoqlar yashirilganligi aniqlandi.

Bojxonachilarning ko‘zini shu tariqa shamg‘alat qilishga uringan bu ayol ushbu nayrangi orqali  254 juft zirak, 253 dona uzuk, 26 dona kulon, 19 dona zanjir va 3 dona bilaguzuklarni respublikamizga yashirincha olib kirishga uringan edi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tilla buyumlarning umumiy qiymati taxminan 564 mln. so‘mdan oshar ekan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Tilla taqinchoqlarning hisobini olish uchun zargarlik buyumlari stol ustiga birma-bir terib chiqilayotgan paytda vaziyatni kuzatib turgan Iroda avvaliga og‘ir xo‘rsina boshladi. Keyin esa izi yig‘iga ulandi. Ko‘zidan shoshqator yosh tomar ekan, u endigina qilib qo‘ygan ishining avvalboshdan noto‘g‘ri bo‘lganligini anglay boshladi. Ammo, endi kech edi. Zero, so‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman deb bejizga aytishmagan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yil boshidan buyon bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 91 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 1.8 mlrd. so‘mdan ortiq salkam 30 kg. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tish paytida jismoniy shaxslar tomonidan to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining 5-bandida har qanday ko‘rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori aniq ko‘rsatilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Husen Tangriyev
“Toshkent-Aero” IBK
axborot xizmati katta inspektori

Top