15:31 / 10.10.2017
26626

Qayg‘uli tarix. U «Real» bilan shartnoma tuzdi, ammo...

Gana davlatining kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Kumasi shahri. Odamlar bilan gavjum, chang-to‘zonli va nafas olish qiyin bo‘lgan go‘sha. Bu yerda boy oltin zaxiralari mavjud, ammo kakao eng ko‘p eksport qilinadigan mahsulotdir.

Aynan mana shu shaharda Baba Sule to‘p ortidan quvib katta bo‘ladi. Guruch va loviyadan tayyorlangan ovqat sovib qolgan bo‘lishiga qaramay, yigitcha kun botgunga qadar uyiga qaytmaydi.

Yosh futbolchilarning muammosi umumiy: ota o‘g‘ilni ta'lim olib, biror kasbga ega bo‘lishini, bekorchi narsalar bilan shug‘ullanmasligini istaydi. Baba Sule esa qarindoshlarining bosimiga chidaydi, e'tibor bermaydi va futbolchi bo‘lishni orzu qiladi.

Oiladagi 14 farzanddan 3 nafari professional futbolni tanladi. Ammo Baba Sule ulardan iqtidorliroq chiqdi. U jahon chempionati U-17 finalida Braziliyaga gol urib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

***

Shunda Ispaniyaning «Malorka» klubi u bilan shartnoma imzoladi, keyin esa «Real» taklif qildi. Skautlar yosh yigitchada Klod Makelele o‘rinbosari bo‘lish iqtidori borligini payqab qolishdi – chaqqon, chayir, to‘p uchun kurashda tajovuzkor va maydon markazini nazorat qiluvchi Baba Sule.

Yigitcha «Santyago Bernabeu»ga kelib, karaxt ahvolga tushib qoldi. «Leganes»ga ijaraga berib yuborilishi ma'lum bo‘lsa-da, uning og‘zi qulog‘ida edi. Atrofga alang-jalang qarab, o‘zini xuddi bir narsadan aybdordek his qilib, mo‘ltillab turgan Baba Sule zo‘rg‘a ovozini chiqarib: «Shu yerga imzo chekish kerakmi?» - deydi.

Ammo, Baba Sule «Real»ning asosiy tarkibi uyoqda tursin, yoshlar jamoasida ham debyut qilolmadi. Jarohatlar uni o‘z girdobiga oldi. Hammasi afrikalik sehrgarning tavqi-la'natiga o‘xshash edi.

«Malorka»da Baba Sule gepatitga chalindi. So‘ngra, «Orense»ga o‘tib ketdi. U yerda tirsagini sindirib oldi. «Leganes»ga kelgach, Baba Sule ilk o‘yindayoq mushak paylarini uzib oldi. Jarohatidan tiklanib olgach, birinchi o‘yindayoq tizzasini sindirdi.

«Futbolning ikkita tomoni mavjud ekan, jarohatlar hayotimni o‘zgartirib yubordi», – deydi ganalik xo‘rsinib. Ko‘plab jarrohlik amaliyotlari tufayli, uning oyog‘i chandiqlarga to‘lib ketgan edi.

Shundan so‘ng, futbolchining faoliyati pastga qarab yo‘naldi: Kataloniyaning «Lerida», Kastilyaning «Tomeloso», Kanariyaning «San-Isidro» klublari, uchinchi divizion vakillari...

***

«Qani yigitcha, orqamdan qaytar, "I’ll be the best goalkeeper in the world!". Ha-ha, shunday bo‘ladi, hali ko‘rasan! Lekin eslab qol: agar ko‘p narsaga erishmoqchi bo‘lsang, imkon qadar jiddiy bo‘lishing kerak. Bundan tashqari, faxriylarni hurmat qilishing shart!»

Sentyabr oyining iliq oqshomida Baba Sule o‘z avtomobilida bir kamtar yigitchani Ileskasdan Madridga, «Atletiko» yoshlari mashg‘ulotiga olib ketayotgandi. Yarim soatlik yo‘lda ganalik unga ingliz tilini ham o‘rgatib borardi.

Bu yigitcha David De Xea bo‘lib, unda hali haydovchilik guvohnomasi yo‘q edi. Dastlab, uni ota-onasi mashg‘ulotlarga olib borardi. So‘ngra «Atletiko» ishonchli va futbolga aloqador haydovchini topdi. U Madridning «Rayo Maxadaonda» klubidagi Baba Sule edi.

«U juda uyatchan yigit edi, ammo tezda til topishib ketdik. Mashg‘ulotlarga olib kelganimda, ingliz tilidagi gaplarni o‘rgatardim. De Xea va uning oilasi bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Ular bilan ajoyib damlarni o‘tkazganman. Haliyam aloqamiz bor. Davidning o‘zi bilan tez-tez telefon orqali suhbatlashamiz. U qo‘ng‘iroq qilsa, biroz xavotir olaman», – deydi Baba Sule.

«Manchester Yunayted»ga o‘tgach, David birinchi navbatda ganalik tanishiga qo‘ng‘iroq qildi. U esa telefoni ekranida Britaniya raqamini ko‘rib hayron qolgan edi.

«Salom, oshna! Men Davidman! Hammasi uchun senga rahmat!»

***

«Ishlab topgan pullarimni 13 nafar aka-ukalarim, singillarimga jo‘nataman», – deydi Baba Sule.

Shu tufayli u har doim qo‘shimcha ish izlab yurgan. Haydovchi bo‘lgan, ba'zan elektriklik qilgan, so‘ngra El Corte Inglés savdo tarmog‘i do‘konida ishlagan.

Ikki yil oldin, Baba Sule Segunda V vakili «Fuenlabrada» klubidan taklif oladi.

Uning yangi vazifasi to‘plarni yig‘ib kelish, butsalarni tozalash, liboslarni yuvish edi. Bundan tashqari, Ispaniya haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan vatandoshi Yavo Annorga moslashib ketishga ko‘maklashish.

«Yillar davomida jurnalistlar bilan suhbat qurmagandim. Agar futbolni tark etsang, hech kim sen bilan qiziqmay qo‘yadi» - deb kutib oldi u AVS jurnalistlarini.

«Qo‘ng‘iroq qilganingizda, men buni ekipirovka ma'murimizning navbatdagi hazili deb tushunibman».

Intervyu chog‘ida uning labidan tabassum arimadi, ishchi libosida, qo‘lida bir qop to‘p bilan u hayotdan mamnun insondek ko‘rinardi.

«Bolalar hayotimda yuz bergan voqealarni eshitib, professional futbolchi bo‘lganimni, jahon kubogi finalida Braziliyaga gol urganimni bilib, hayron bo‘lishadi. Ularning ko‘zlarida hayrat va hurmat alomatlarini sezaman. 

Men ularga faqat bir narsa haqida dars berishim mumkin: hammasi juda yaxshi davom etayotganida, odam kelajak haqida o‘ylamay qo‘yarkan. Ammo, o‘ylash shart ekan».

Bir zumda uning yuzidagi tabassum yo‘qoladi, ko‘zlarida esa alamni ko‘ramiz. Uning hayoti o‘zi xohlamagan tarzda kechdi, orzulari amalga oshmadi.

«Ammo futbol menga ko‘plab do‘stlarni taqdim qildi. Ular qiyin vaziyatlarda menga ko‘mak berishdi, buni unutib bo‘lmaydi», – deydi Baba Sule.

Shunda uning ko‘zlarida quvonch, labida yana tabassumni ko‘ramiz.

***

Mavzuga oid
Top