00:30 / 10.10.2017
17463

Qambarota-1 GESi qurilish sohasida hamkorlik masalalari o‘zaro kelishib olindi

O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish hamda gidroenergetika sohasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va Qirg‘iziston «Milliy Energiya xolding» kompaniyasi raisi Oybek Kaliyev, elektr stansiyalari bosh direktori Uzoq Qidirboyev o‘zaro uchrashdi, deb xabar berdi KUN.UZ’ga jamiyat matbuot xizmati.

Muzokaralarda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Qirg‘iziston «Milliy Energiya xolding» kompaniyasi raisi Oybek Kaliyev, Elektr stansiyalari bosh direktori Uzoq Qidirboyevlarni ushbu tashrif bilan tabriklab, mamlakatlarimiz o‘rtasida gidroenergetika sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va bu borada keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligini ta'kidlab, yurtimizda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Mamlakatimiz elektrostansiyalarida bir yilda ishlab chiqarilayotgan qariyb 60 milliard kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasining 6,5 milliard kilovatt soati gidroelektrostansiyalar hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Hozir bu ko‘rsatkichni yanada oshirish orqali tabiiy, ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbaidan foydalanishni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18 maydagi «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-5044- sonli farmoni mavjud gidroelektrostansiyalardan samarali va xavfsiz foydalanish, O‘zbekistonda yagona gidroenergetika tizimini yaratishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Hozirda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirishga izchil ravishda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish orqali korxonalar va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda xorijlik hamkorlar bilan hamkorlikda o‘nga yaqin loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Bu borada Qirg‘iziston bilan ham keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.

«O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va Qirg‘iziston «Milliy Energiya xolding» kompaniyasi raisi Aybek Qaliyev, Elektr stansiyalari bosh direktori Uzoq Qidirboyev o‘rtasidagi muloqot davomida ham ana masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Gidroenergetika sohasining bugungi holati va istiqboliga oid masalalar va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi. Bunda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratildi.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat rahbari hamkorlikning turli sohalariga doir 18 dan ortiq hujjat imzolandi. Gidroenergetika sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida tuzilgan anglashuv memorandumi ham shular sirasidandir. Memorandumga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi «O‘zbekgidroenergo» AJ va Qirg‘iziston Respublikasining «Milliy energetika xolding kompaniyasi» OAJ o‘rtasida Qambarota-1 GES qurilish sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha tomonlarning o‘zaro hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Kelishuv shartlariga binoan, tomonlar o‘rtasida ishchi guruxlar tuzilib, qurilish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha loyihalar tomonlarning o‘z mablag‘laridan kelib chiqib moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu memorandum bo‘yicha «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati hamda Qirg‘iziston «Milliy Energiya xolding» kompaniyasi rahbarlari kelgusida soha xodimlari o‘rtasida amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.

Top