23:15 / 10.10.2017
5962

Mexikoda zilzila vaqtida shikastlangan binolar buzilishi boshlandi

Foto: RIA Novosti / Dmitriy Znamenskiy

10 oktabrda Meksika poytaxti Mexikoda kuchli zilziladan keyin xavfli va yashash uchun yaroqsiz holga kelgan binolarni buzish boshlandi. Bu haqda shahar meri Migel Anxel Mansera ma'lum qildi.

Avvalroq Mansera zilziladan keyin shikastlangan 800 tadan 1000 tagacha inshoot buzilishi mumkinligini aytgandi. Oxirgi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 19 sentabrdagi zilzila oqibatida butun Meksika bo‘ylab 369 kishi, jumladan Mexikoda 228 kishi halok bo‘lgan. 7 sentabrda yuz bergan birinchi zilzila oqibatida esa 70 ga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumgan.    

Hozircha shahar rahbariyati 10 tadan ko‘proq uyni buzishga ko‘rsatma bergan, ulardan 3 tasida ishlar boshlab yuborilgan.

"Sizning xavfsizligingizni ta'minlash maqsadida zilziladan talofat ko‘rgan binolarni buzish bo‘yicha ishlar boshlandi", deb yozgan mer tvitterda.

Meksika prezidenti Enrike Penya Netoning baholashicha, zilziladan keyingi  vayronalarni tiklash uchun 37,5 milliard peso (2 mlrd dollardan ko‘proq) kerak bo‘ladi. 

Top